Prezident Donald Tramp bugun Kongress huzuriga borib, qonunchilar va shu tariqa xalq oldida mamlakatning bugungi ahvoli haqida hisobot berdi.
"Mamlakatimiz hech qachon bu qadar mustahkam bo'lmagan"- dedi Tramp.
Prezident yangi Kongress bilan ishlashga tayyor ekanini aytdi. Yaqinda hukumat qonunchilar bilan kelishmovchiliklar sabab ishdan to'xtab qolganini tan olar ekan, murosa yo'li hamisha bor, deya eslatdi u.
Trampga ko'ra, iqtisodiy qudrat joyida ekanida Oq uyning xizmati katta.
"Mening siyosatim moliyaviy tizim zarar ko'rmasligini ta'minlamoqda", - deydi prezident.
Nutqini u tarixni xotirlash bilan boshladi. O'tmishdagi zafarlarni tilga oldi. Ularni o'zining bugungi rejalariga bog'lab, Amerika har jihatdan buyuk tuzum bo'ladi, dedi u.
"Ham yerda, ham samoda qudratni oshiramiz", - deydi Tramp.
"Bugungi gaplarim, Amerikaning bu yilgi rejalari biror partiyaga tegishli emas. Bu Amerika xalqining rejasi".
Senatda respublikachilar, Vakillar palatasida demokratlar hukmron ekan, prezident Vashington tarqoq ekanini biladi. Uning ma'muriyati bir necha yo'nalishda tekshiruv ostida. Trampning prezidentlikka saylanishida Rossiya roli ustida tergov davom etmoqda. Bir necha kishi allaqachon aybdor deb topilib, qamoq jazosiga hukm qilingan, jumladan, uning saylov kampaniyasidagi muhim odamlar ham. Lekin Tramp ularni o'zidan uzoqlashtirishga urinmoqda va deydiki, Rossiya bilan hech kim til biriktirmagan va uning prezidentlikka kelishida Moskvaning qo'li yo'q.
Tramp Kongress qanchalik qarshi bo'lmasin, janubiy chegarada devor qurish kerak, degan talabini takrorladi.
"Meksika va AQSh orasida baland devor qurilishi va noqonuniy immigratsiyaga batamom chek qo'yilishi lozim", - deydi Tramp.
"Amerikaga ko'p odam kelsin, deymiz, lekin qonunan kelishsin".
"Amerika ahli hujjatsiz muhojirlardan to'ygan. Xavfsizlik va farovonlikni ta'minlashga noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash ham kiradi".
"Janubiy chegaralardan har kuni jinoyatchilar kirib kelmoqda. Amerikaning ham qulf-kaliti bo'lishi kerak. Yechim - devor".
Lekin Kongressning ko'plab a'zolari, nafaqat demokratlar balki respublikachilar nazarida ham bu devorga hojat yo'q. Birinchidan, chegaraning katta qismida devor allaqachon bor. Ikkinchidan, xavfsizlikni ta'minlash va noqonuniy immigratsiyaga qarshi chora ko'rish uchun devor emas, ilg'or texnologiya, tizimli islohotlar, zamonaviy mutaxassislar va mahalliy sarmoya zarur.
"Bugungi gaplarim, Amerikaning bu yilgi rejalari biror partiyaga tegishli emas. Bu Amerika xalqining rejasi".
"20-asrda Amerika erkinlikni himoya qildi, ilm-fanda inqiloblar qildi, o'rta sinfni shakllantirish taraqqiyot kaliti ekanini isbotladi. 21-asrda inson nimaga qodir ekanini ham Amerika ko'rsatib beradi va unga boshchilik qiladi".
Trampning maqsadi: Amerikaning tijoriy siyosatini yangilash, sheriklar bilan yangicha bitimlar, ya'ni shartlar asosida ishlash. Mamlakat infrastrukturasini isloh qilish.Sog'liqni saqlash tizimini yangilash, xizmat va dori-darmonni arzonlashtirish. Immigratsiya tizimini mustahkamlash, ya'ni noqonuniy immigratsiyaga barham berish. Shuningdek, Amerika manfaatlarini har qanday sohada ustun qo'yish, ya'ni xorij bilan hamkorlikda ustunlikni boy bermaslik.
Biror bir qadam partiya uchun tashlanmaydi, deydi u, respublikachilar lideri ekaniga sha'ma qilib. "Har bir ish butun mamlakat foydasi uchun qilinadi".
Kongressdan u barcha yirik biznes hamkorlar bilan qilingan yangi kelishuvlarni ma'qullashni, Oq uy joriy etgan tariflarni tasdiqlashni va savdo siyosatida qilinayotgan yangiliklarni quvvatlashni so'radi. Demokratlar nazarida, Tramp strategiyasi, xususan, tashqi siyosati xom va sayoz.
"20-asrda Amerika erkinlikni himoya qildi, ilm-fanda inqiloblar qildi, o'rta sinfni shakllantirish taraqqiyot kaliti ekanini isbotladi. 21-asrda inson nimaga qodir ekanini ham Amerika ko'rsatib beradi va unga boshchilik qiladi".
"Oila va mahallalarimiz tinch bo'ladi. Yanada farovon yashaymiz. Iymon va mehrni boy bermaymiz. O'rta sinfni himoya qilamiz", - deydi Tramp.
Amerikada bugun 157 million kishi mehnat qiladi. Tarixda bunchalik ko'p odam ishlamagan. Soliqlarni pasaytirish, xususiy sektorga imtiyozlar berib, bizneslarni quvvatlash yangi ish o'rinlarini yaratish, ishsizlik darajasining misli ko'rilmagan darajada pasayishiga imkon yaratdi. Bunda Tramp o'zini va ma'muriyatini maqtadi.
Lekin ko'plab siyosatchilar nazarida iqtisodiy yutuqlar aslida Barak Obama davrida qabul qilingan qarorlar natijasiga borib taqaladi.
AQSh bugun energetik jihatdan mustahkam ekanida ham oldingi prezidentning xizmati bor, deydi demokratlar. Obama o'z energetik boyliklarini ishlatadi deb chiqqanida respublikachilar uni kaltabin deb qoralagan.
Ayni damda AQShda byudjet rejasi ma'qullanishi kerak. Kelasi 10 kun ichida u Kongressda ovozdan o'tib, prezident imzo chekmasa, hukumat yana ishdan to'xtab qolishi mumkin.
Bunga esa faqat "devor talabi" sabab bo'lishi mumkin, deydi qonunchilar. Tramp devor uchun pulni favqulodda holat e'lon qilish hisobiga olishga urinmoqchi, deydi demokratlar, lekin shunday qilsa, sudlanadi. Favqulodda holat e'lon qilish uchun kuchli asoslar zarur. Chegaradagi hozirgi holat prezident ta'riflaganidek dahshatli emas. Ichki xavfsizlik vazirligi, xususan, chegara xizmati ahvol nazorat ostida ekani, aslida o'tgan bir necha yil ichida vaziyat yaxshilangani haqida hisobotlar bergan.
Trampning Kongressga aytishicha, Suriya va Afg'onistondan qo'shinlar vatanga qaytadi. Afg'on zaminidagi urushga afg'onlarning o'zi nuqta qo'yadi, deydi Tramp. Ular kelishib olishi uchun imkon bor. Suriyada esa mintaqaviy hamkorlari orqali ish ko'radi. Terrorizmga qarshi kurash davom etadi lekin buning uchun AQSh u yerlarga minglab askarlarini safarbar etishi shart emas, deydi Tramp. Harbiy qo'mondonlar va ekstremizmni o'rgangan mutaxassislar nazarida Oq uy bu qarorlari bilan uzoqni ko'zlamayapti. Terrorchilar yana oyoqqa turadi va Amerika hamda uning ittifoqchilariga qarshi xurujlar rejalaydi, deya ogohlantirmoqda ular.
Tramp bugungi nutqida sotsializmni qayta oyoqqa turayotgan va ayrim amerikaliklar targ'ib qilayotgan qora mafkura deb atadi. Ayrim qonunchilar, dedi u, Berni Sanders va Aleksandra Okasio-Ortez singari o'zini sotsial-demokratlar deb ataydigan arboblarga ishora qilib, "Amerikani xatarli tomonlarga yetaklashga urinmoqda". Tramp fikricha, xalq ularga ergashmaydi, biroq xususiy sektorni la'natlash, boylarga qarshi nafrat urug'ini sochish bilan bu siyosatchilar Amerikaga xos innovatsion mentalitetga zarar yetkazmoqchi.
"Amerika ko'plab aytayotganidek nafrat va tarqoqlikda emas, birdamlikda va erkin yashaydigan jamiyat bo'lib qoladi. Buning uchun imkoniyatlar har kuni, har birimizning hissamiz bilan kengayadi", - dedi prezident.
"AQSh mehr va muruvvat makoni bo'lib qoladi. Biz kelajakka intilib, bugungi kunimizni qadrlab yashaydigan xalqmiz. Shu bois hammadan ustunmiz va shu bois ham Amerika dunyoda birinchi bo'lib qoladi".
Prezident nutqiga demokratlar javobi
Muxolifat nomidan so'zlagan Steysi Abrams, yaqinda Jorjiya shtati gubernatori bo'lishga harakat qilib, saylana olmagan arbob, Prezident Trampni vijdonsiz, noqobil va Amerikani egri yo'ldan olib ketayotgan rahbar deb atadi.
35 kunlik "shatdaun", ya'ni Meksika bilan chegarada devor qurish talabi sabab hukumatdan ishdan to'xtab qolgani Trampning siyosiy jihatdan naqadar mas'uliyatsiz va samarasiz ekanini yana bir bor isbotladi, deydi Abrams.
Demokrat siyosatchi deydiki, hozirgi prezident Amerika oldidagi azaliy muammolarni yechish uchun biror effektiv qadam tashlagani yo'q. Jinoyatga qarshi kurash yoki noqonuniy immigratsiya, Tramp bilan biror masalani hal etish mumkin emas, deydi Abrams.
Oldinlari prezidentlarga hurmat va ishonch bor edi, hatto fuqaro ularning siyosatiga qarshi bo'lsada, deydi u. Tramp Oq uyga nisbatan umidsizlikni, siyosiy tizimga nisbatan shubha va gumonlarni kuchaytirdi, deydi demokrat vakil.
Amerikada saylovlar o'zgarishlardan darak bo'lishi kerak; xalqqa xizmat qilish muqaddas burch va muammolarni hal qilgan odamgina lider degan nomga loyiq bo'lishi lozim, deydi Abrams.
Fuqaro huquqlari, irqiy tenglik, jinsiy tenglik, ijtimoiy va iqtisodiy adolat, innovatsiya, erkinlik, saxiylik, mehr va umid ulashish - Amerika bu qadriyatlarini boy bermasligi kerak, deya undadi demokrat siyosatchi.