AQSh Venesuelaga harbiy kuch tashlashi mumkinligi haqida xavotirlar ko'paymoqda. Prezident Donald Tramp bunday choraga qo'l urish ehtimoli mavjudligini aytgan, lekin ayni paytda Kongressdagi murojaatida dunyo bo'ylab harbiy aralashuvlarni kamaytirishga chaqirgan.
"Prezidentlikka nomzod sifatida yangicha qarashni olg'a surgan edim. Buyuk davlatlar tugamas urushlarni olib bormaydi", - dedi Tramp.
AQSh, Lotin Amerikasining aksariyat davlatlari hamda Yevropa Xuan Guaydoni Venesuelaning o'tish davri prezidenti deb tan oldi.
Ularga ko'ra, Nikolas Maduroning prezidentlikka haqqi yo'q, chunki u o'tgan yilgi saylov natijalarini o'zgartirgan.
Maduroning sotsialist siyosati mamlakat iqtisodiyotini inqirozga boshladi: oziq-ovqat va dori-darmon tanqisligi, giperinflyatsiya natijasida millionlab odam Venesuelani tark etgan.
Tramp ma'muriyati ham iqtisodiy bosimni oshirib, Maduroni hokimiyatni topshirishga majburlamoqchi.
Harbiy chora tarafdorlariga ko'ra, Maduroni hokimiyatdan ag'darishning eng maqbul yo'li kuch ishlatish va venesuelaliklarning aksariyati buni qo'llab-quvvatlaydi.
"Bunday qarashni qo'llayotgan venesuelaliklar soni oshmoqda. Ular kuch ishlatishni bu jinoyatchi hukumatdan qutilishning yagona yo'li deb biladi", - deydi siyosatshunos Ana Kuintana.
Qarshilar fikriga ko'ra esa, Venesueladagi gumanitar inqiroz AQSh xavfsizligiga tahdid solmaydi.
Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Jon Bolton daftarida "Kolumbiyaga 5000 askar" degan yozuvning ko'ringani AQSh Venesuela chegarasiga askar joylashtirmoqda, degan qarashlarni kuchaytirdi.
"Venesuelaga kirib gumanitar amaliyot yoki boshqa operatsiyalar o'tkazishlarini tasavvur qilsa bo'ladi. Masalan, Guaydo hukumatini yoki Milliy assambleya a'zolarini himoya qilishga ehtiyoj bo'lishi mumkin", - deydi AQSh armiyasi Urush kolleji professori Ivan Ellis.
Lekin tor doiradagi amaliyot bilan Venesuelaning yaxshi qurollangan armiyasiga qarshi chiqish qiyin. Harbiy aralashuv mamlakatda va xalqaro maydonda Maduro tarafdorlarini ko'paytirishi mumkin.
"Oq uyning maqsadi Venesuelada rejimni o'zgartirish bo'lsa, AQShning bu ishi Veneseulada va mintaqada qarshilikka duch kelishini hisobga olish kerak", - deydi tahlilchi Aleksandr Meyn.
AQShning Lotin Amerikasidagi yaqin ittifoqchilari va Kanada ham Venesuelada kuch ishlatilishiga qarshi.