Prezident Donald Tramp ma’muriyati 4-mart kuni Hindistonning imtiyozli savdo maqomini bekor qilishini ma’lum qildi. AQSh rahbari Hindistonni adolatsiz savdo amaliyoti uchun ayblagan.
Bu haqda prezident Kongressga bildirgan. Mazkur qaror Hindistonning 5,6 milliard dollarlik sanoat mahsulotlarini bojxona to’lovlarisiz AQSh hududiga olib kirish imtiyozini bekor qilishni nazarda tutadi. Tramp o’z qaroriga izoh berar ekan, Nyu-Deli “o’z bozoriga AQShning adolatli va asosli shartlar bilan kirishiga imkoniyat bermagan”ini aytgan.
Qaror 60 kun ichida kuchga kirishi kutilmoqda.
Hindiston 1970-yillardan buyon savdo imtiyozlari dasturidan unumli foydalanib kelayotgan davlat sanaladi. Hindiston Savdo vaziri Anup Vadxavan Nyu-Deli Vashington qaroriga javoban tariflarni oshirmasligini ma’lum qilgan.
Hidiston eksporti uchun berilgan imtiyoz rasman 5,6 milliard dollargacha deb ko’rsatilgan. Biroq, Vadxavanga ko’ra, amalda Hindiston 190 million dollargacha bo’lgan miqdorda imtiyozli eksport qilmoqda. Vazir bu ko’rsatkichni “minimal va mo’tadil” deb baholagan.