Orol dengizi fojiasi amerikalik yoshlar nigohida

Your browser doesn’t support HTML5

Yaqinda Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida o'zbek rassomchiligining “Abru-bahor” uslubida chizilgan namunalari ko'rgazmasi uyushtirildi. O'zbekistonlik rassomlardan iborat “Orolim” ijodiy guruhi mazkur kartinalarini dastlab 2018-yil oxirida Toshkentda tomoshabinlar hukmiga havola etgan. Ushbu ko'rgazma amerikalik talabalar ta'sis etgan “Orol” xalqaro xayriya tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etildi.

Nyu-Yorkdagi qadimiy va nufuzli oliygoh Kolumbiya universiteti talabalari Natan va Margaret bugun darsdan so'ng ham juda band. Ko'rgazma o'tkazishyapti. Ular Toshkentdan o'zbek an'anaviy rassomchilik namunalarini olib kelishgan.

Bu rasmlar bir qarashda oddiy, ammo har birida quriyotgan Orol dengizi aks etgan.

“Ushbu ko'rgazmaga biz o'tgan yil dekabr oyidan tayyorgarlikni boshlaganmiz. Ko'rgazmada o'rin olgan kartinalarning aksariyati Toshkentdagi 2018- yilgi biyenallida namoyish etilgan. Ekologik muammoga bag'ishlangan kartinalar o'zbekistonlik professional rassomlar tomonidan chizilgan”, - Kolumbiya Universiteti talabasi, ko'rgazma koordinatori Margaret Korn.

“Ko'rgazmada “Abru-bahor” uslubida chizilgan rasmlar namoyish etilmoqda. Tadbirimiz orqali biz Kolumbiya universiteti talabalarini O'zbekiston madaniyati va Orol dengizi bilan tanishtiryapmiz”, - deydi talabalar xayriya tashkiloti vakili, ko'rgazma tashkilotchisi “New Arts Initiative” direktori Natan Santos.

Tashabbuskor talabalarning aytishicha, rassomlarning suv va bo'yoq mujassamasida yaratilgan,Toshkentdagi ko'rgazmada muvaffaqiyatli namoyish etilgan kartinalarini albatta oliygoh talaba va o'qituvchilari, qolaversa, Nyu-York ahli ham ko'rishi kerak. Zero, ular ko'rgan odamni Orolbo'yiga chorlaydi. Yo'qolayotgan dengiz atrofida yashovchi aholiga esa umid bag'ishlaydi.

“Bolaligimdan Orol muammosidan xabardorman va bu borada ko'p qayg'uraman. Uning bo'yidagi odamlar hayoti qanday o'zgargani, eski holati va hozirgisini suratlarda ko'rib odamning ichi kuyadi”, - deydi Kolumbiya Universiteti talabasi Jafar Tursunov.

Ko'rgazma bundan uch yil oldin amerikalik talabalar tomonidan asos solingan “Orol” xalqaro xayriya tashkiloti (World Aral Region Charity), Kolumbiya universiteti qoshidagi Xarriman slavyanshunoslik instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Xayriya tashkiloti amerikalik yoshlarning Orol dengiziga tashrifi ortidan tuzilgan. Uning a'zolari O'zbekiston yuzlashgan muammoni amerikaliklarga tushuntirishga astoydil kirishgan.

“Nima uchun biz bu yo'nalishda ish boshlaganmiz? Chunki Orol dengizi qurishi qaytarib bo'lmaydigan muammo. Ancha yillar davom etayotgan ekologik inqiroz. Afsuski, ushbu muammo haqida AQShda hamma ham bilmaydi va biz media va turli loyihalar orgali bong urib, bu ekologik fojia nafaqat O'zbekiston balki butun dunyo ahliga ta'sir etishi mumkinligini eslatmoqchimiz”, - deydi Margaret Korn.

Natan braziliyalik, tashkilot prezidenti Robert Villard amerikalik. Ular O'zbekistondan olisda tug'ilgan bo’lsa-da, Orolning 90 foizi qurigani va bu halokatnning oqibatlari to'g'risida bir kitob ma'lumotga ega.

“Biz Kolumbiya universitetining talabalari va biz Qoraqalpog'iston hamda Xorazmda filtr o'rnatish bilan shug'ullanyapmiz. Sizlar Orol muammosi haqida eshitgan bo'lsangizlar kerak. Bu juda katta muammo. Afsuski, Amerikada juda ham ozchilik bu muammo haqida xabardor. Biz Amerika O'zbekistonga qiziqish bilan qarashiga erishmoqchimiz. Buning uchun Kolumbiya universitetidan talabalarni O'zbekistonga olib boramiz. So'ng Toshkent va Urganchdan tengqurlarimizni Orolbo'yi qishloqlariga olib boramiz. U yerda 87 foiz yoshlar anemiyaga chalingan, chunki u yerning suvi tuzli va toza emas. Biz u yerda yuqori sifatli filtrlar o'rnatmoqchimiz. Ikkinchi filtrni sotib olish uchun yana uch ming dollar yig'ishimiz kerak. O'ylaymanki, shu yerda yig'ilganlar bizning tashabbusni qo'llab, 10 dollardan bersa yana 2000 bolani biz bir umrga toza suv bilan ta'minlagan bo'lardik. Bizning sayt manzili: www.aralregioncharity.org”, - deydi tashkilotchilardan biri.

“Bu chindan ham bizning davrimizdagi eng xavotirli ekologik fojeadir. Shuning uchun ham biz amerikalik, Kolumbiya Universitetining xalqaro talabalari Orol dengizi fojeasini bartaraf etish ishiga kirishganmiz", - deydi “New Arts Initiative” direktori Natan Santos.

Bu tashabbuslarini AQShdagi o'zbekistonliklar ham qo'llashyapti.

"Yoshlar, amerikaliklar mamlakatimizga yordam berishayotgan bir paytda, biz O'zbekiston fuqarolari qanday qilib chetga chiqib turishimiz va yordam bermasligimiz mumkin?" - deydi "Star Entertainment” prodyuserlik kompaniyasi vakili Sug'diyona Isroilova.

2017-18-yillarda amerikalik talabalar tashkiloti Xorazm va Mo’ynoqda ikki ming tup daraxt ekishgan, maktab o'quvchilariga darsliklar va kiyim-bosh yetkazgan. Bundan tashqari kattayu-kichik orasida ekologik halokat borasida xabardorlikni oshirish uchun turli anjumanlar uyushtirishmoqda.