Isroil Oliy sudi 17-mart kuni ultra o’ng qanot siyosatchini keyingi oyga belgilangan parlament saylovlarida ishtirok etish huquqidan mahrum qildi. Siyosatchi arablarga qarshi zo’ravonlik va irqchilik harakatini kuchaytirishga uringanlikda ayblandi.
Isroil saylov komissiyasi “Yahudiylar qudrati” partiyasidan Maykl Ben-Arini nomzod sifatida ro’yxatga olgan edi. Biroq Isroil Oliy sudi so’l qanot muxolif partiya “Merets”ning arizasiga muvofiq, Ben-Arini bu huquqdan mahrum qildi. Arizada siyosatchi arablarga qarshi zo’ravonlikni targ’ib qilish, ularning fuqarolik huquqlarini poymol qilish va irqchilikni kuchaytirishda ayblangan.
“Oliy irqmiz deb boshqalarni kamsitadiganlarning o’rni parlamentda emas, panjara ortida”, - deydi “Merets” partiyasi matbuot kotibi.
Ben-Ari sudyalar qarorini qoralab, “sud xuntasi o’z qonunlarini joriy qilishga urinmoqda… bu demokratiyaga xilof”, - degan.
Sud “Yahudiylar qudrati” partiyasidan boshqa nomzod qo’yilishi mumkinligini ma’lum qilgan. Shuningdek, saylov komissiyasining ikki arab partiyasi – “Hadash-Taal” va “Raam-Balad” nomzodlarining saylovda ishtirok etishiga qo’ygan taqiqi bekor qilingan.
Saylov komissiyasi bu ikki partiyani hukumatga qarshi isyonga da’vat etganlikda ayblagan edi.
Isroil Adliya vaziri Ayelet Shaked sud qarorini qoraladi. Vazirga ko’ra, sud Ben-Arini nomzodlik huquqidan mahrum etib, “terrorchilar qo’llab-quvvatlaydigan partiyalarning Isroil demokratiyasiga mantiqsiz va asossiz aralashuvini qonuniy deb topmoqda”.
Bosh vazir Benyamin Netanyaxu o’tgan oyda politsiya tomonidan korrupsiya ishida ayblanishi ortidan o’zining siyosiy iqtidori uchun kurashga zo’r bermoqda. Netanyaxu o’zining “Likud” partiyasi va o’ng qanot partiyalari hamkorligini yo’lga qo’ydi. Ular orasida ‘Yahudiylar qudrati” partiyasi ham bor. Partiyalar parlament saylovlariga nomzodlarning umumiy ro’yxatini tuzib chiqishni rejalagan.
Isroilliklar partiyalarning bu sherikchiligidan xavotirga tushgan. “Yahudiylar qudrati” partiyasining bir qator vakillari falastinliklarni etnik tozalash g’oyasini ilgari surgan Rabbi Meir Kaxane tarafdori.
Isroil, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi deb e'lon qilingan Kaxane 1990-yil Nyu-Yorkda otib o'ldirilgan.