Uyg‘ur millatiga mansub Mag‘firat Yunuso‘g‘li ta’limini Turkiyada davom ettirishga qaror qilgani uchun 1994-yilda oilasini tashlab, Xitoydan Turkiyaga kelgan. O‘n yildan beri Beykent universitetining turk tili va adabiyoti kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan doktor Yunuso‘g‘li Sharqiy Turkistonda yuz berayotgan hodisalarni yaqindan kuzatib boradi. U mintaqadagi muammolar haqidagi fiklarini “Amerika Ovozi” bilan baham ko'rdi.
“Hibsga olishlar 2017-yilda kuchaydi”
Xitoy ta’lim lagerlari deb nomlaydigan lagerlar 2014-yilda ochila boshlaganiga e’tibor qaratgan Mag‘firat Yunuso‘g‘li aslida u yerlarda uyg‘urlarga bosim o‘tkazilishini, ular hibsga olinayotganini va hibsga olishlar 2017-yilda kuchayganini ta’kidladi. Ikki yil avval BMT lagerlarda 1 milliondan ziyod uyg‘ur ushlab turilganini ma’lum qilgan edi.
“Biz hozir lagerlarda 3 milliondan ortiq kishi borligini bilamiz, – deydi Yunuso‘g‘li. – Ularning oilalari, farzandlari bor. Er-xotinlar lagerning dastidan ajrashib ketgan, bolalar arosatda qolgan. Bu bolalarning “miyasini yuvish” va butkul xitoylashtirish uchun alohida lager ochilgan. Bolalar na bobolariga, na boshqa qarindoshlariga beriladi”.
Yo o‘ziga o‘xshatadi yoki yo‘q qiladi, Xitoyning o‘zgacha bo‘lganlarga toqati yo‘q, deya ta’kidlagan Mag‘firat Yunuso‘g‘li XXI asrda Xitoyning bunday lagerlarni ochishi sharmadanlik va insoniyatga qarshi jinoyat ekanini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, lagerlardan vahimali xabarlar kelyapti:
“Juda kech bo‘lmasidan nimadir qilish kerak. Universitetdagi ustozlarim, do‘stlarim ham lagerlarda. Ular terrorchimi? Ularga nimani o‘rgatishadi? Xitoyning bu insonlarni ushlab turib, ta’lim lagerlari deyishi juda kulgili. Buni endi yashira olmaydi”.
“Bir milat yo‘q qilinyapti”
U mazkur hodisalar faqatgina uyg‘urlar yoki qozoqlarning qayg‘usi emasligini aytadi:
“Insoniylik nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bir millat yo‘q bo‘lyapti. Bunga butun dunyoning jim qarab turishi bizga og‘ir botyapti. Ayniqsa, turk dunyosining, musulmon dunyosining jim turishi bizni yanada ko‘proq yaralayapti”.
“Sharqiy Turkiston – strategik nuqtada”
Mag‘firat Yunuso‘g‘li Xitoyning “Bir kamar – bir yo‘l” loyihasi kengayish loyihasi ekaniga e’tibor qaratib, u Xitoyning G‘arbga chiqish darvozasi hisoblanishini va Sharqiy Turkiston bu loyihada juda muhim bir nuqtada ekanini aytdi:
“Sharqiy Turkiston strategik nuqtada joylashgani sababli Xitoy mintaqaning haqiqiy egasi bo‘lgan xalqni yo‘q qilib, u yerga xitoylarni joylashtirgan holda osonroq dunyoga chiqishni va boy bo‘lishni xohlayapti”.
“Abdurahim Hayitga nima bo‘lganini bilmaymiz”
Mag‘firat Yunuso‘g‘li Xitoydagi lagerda o‘lgani iddao qilingan, biroq Xitoy hukumati e’lon qilgan video orqali tirik ekani aytilgan uyg‘ur hofizi Abdurahim Hayitning hayotdaligi yoki o‘lganiga ishoch hosil qilmagan:
“Abdurahim Hayitga nima bo‘lganini haligacha bilmaymiz. Video avvaldan tasvirga olingan bo‘lishi mumkin. Agar Xitoyning jur’ati bo‘lsa, bir mustaqil hay’at Abdurahim Hayit saqlanayotgan lagerni borib ko‘rishiga ruxsat bersin. Lagerlarda Abdurahim Hayit singari san’atkorlarimiz va olimlarimiz bor. Hatto restoran egalari ham uyg‘urlarning taom madaniyatini yoygani uchun lagerlarga olib ketildi. Modomiki, lagerlar yaxshi ekan, odamlar u yerlarda yaxshi yashayotgan ekan, Xitoy eshiklarni ochsin va butun dunyo u yerda nimalar bo‘layotganini ko‘rsin”.
“Ijtimoiy tarmoq nazorat ostida”
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari kuzatib borilishini ta’kidlagan doktor Yunuso‘g‘li odamlar "WeChat" deb ataluvchi dasturdan tashqari boshqa dasturlarni ishlatmasligini aytdi:
“Qarindoshlarimiz va do‘stlarimiz bilan avvallari "WeChat" orqali xabarlashar edik. Unda qarindoshlar va do‘stlardan iborat guruhlarimiz bor edi, biroq 2017-yilda hamma uzr so‘ragan holda guruhlarni tark eta boshladi. Chunki qattiq kuzatilar ekan”.
“Turkiyaning reaksiyasi katta ruhiy dalda bo‘ldi”
Yunuso‘g‘li ayni payt Xitoyda insoniyatga qarshi jinoyat sodir etilayapti degan fikrda.
“Turkiya biroz kechikib bo‘lsa-da, munosabat bildirdi. Buning ta’siri qanchalik katta bo‘lganini butun dunyo ko‘rdi. Bu esa ezilgan turklar uchun katta ruhiy dalda bo‘ldi. Bu aynan shu tarzda davom etishini istaymiz”, - deydi u.
“Dunyoning jim turishi Xitoyga jur’at bag‘ishlayapti”
Mag‘firat Yunuso‘g‘li dunyoning turli joylarida zulm borligini, biroq Sharqiy Turkistondagi zulm boshqalaridan farq qilishini aytadi:
“Xitoy tizimli bir shaklda 35 millionlik bir xalqni o‘zgartirishni istayapti. O‘ziga o‘xshatishni istayapti. Menga o‘xshamasang, yo‘q bo‘l, deyapti. XXI-asrda, xabar olish shunchalik osonlashgan dunyoda Xitoyning bunday yo‘l tutishi aqlga sig‘maydi. Xitoyga jur’at bag‘ishlayotgan sabab – dunyoning jim turishi va sanksiya qo‘llamasligi. Men butun dunyoning e’tiborsiz bo‘lmasligini, Xitoyning niyati va maqsadi nima ekani yaxshilab surishtirilishini xohlayman. Insoniylik o‘lmasin. U yerdagi uyg‘urlar, qozoqlar, qirg‘izlar, Sharqiy Turkiston turkligi o‘lmasin. Aks holda bu holat butun dunyo uchun sharmandalik manbai bo‘ladi”.