30 yillik prezidentlik boshqaruvidan iste'fo bergan Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev, kuzatuvchilar fikricha, O'zbekiston sobiq prezidenti marhum Islom Karimov taqdiridan saboq chiqargan bo'lishi mumkin.
Nazarboyev o’rniga kelgan yangi muvaqqat prezident Qosim-Jo’mart Tokayev 20-mart kuni qasamyod qabul qildi. Qozog’iston uzoq yillik turg’un boshqaruvdan so’ng hokimiyati almashayotgan mintaqadagi ikkinchi davlat, ammo bundan keskin o’zgarishlar kutilayotgani yo’q.
Your browser doesn’t support HTML5
Tokayev prezidentlikka kelishi bilan qilgan dastlabki ishi poytaxt Astanani Nursulton nomiga o'zgartirish taklifi bo'ldi. Senat poytaxtni birinchi prezident nomiga o'zgartirish haqidagi taklifni ma'qulladi. Shuningdek, Nazarboyevning qizi Dariga Nazarboyeva Senat raisi etib saylandi.
Qozog’istonda hokimiyat almashishi haqida anchadan buyon gapirib kelinayotganiga qaramasdan, ayniqsa, O’zbekistonda bu narsa kutilmaganda ro'y berishi ortidan, Nursulton Nazarboyevning prezidentlik vakolatini topshirish haqidagi qarori ko’pchilik uchun kutilmagan hodisa bo’ldi.
79 yoshni qarshilagan Nazarboyevning bu qarori olqishlanmoqda, prezidentlikdan iste’fo berish hali Nazarboyevning hokimiyatdan mutlaqo ketganini anglatmaydi, aksincha, hokimiyatni imkon qadar silliq topshirish uchun amalga oshirilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Nazarboyev prezidentlikdan iste’fo berar ekan, yaqin ittifoqchi davlat rahbarlari bilan ham maslahatlashgan, jumladan, Rossiya, Belarus va O’zbekiston prezidentlari bilan.
Mirziyoyev Qozog’istonning bugungi taraqqiyotida, shuningdek, ikki o’rtadagi aloqalar mustahkamlanishida Nazarboyevning buyuk xizmatlarini e’tirof etgan, Qozog’iston xalqiga xizmat qilishi yo’lida muvaffaqiyatlar tilagan.
Qozog’istonda hokimiyat O’zbekistondagi kabi favqulodda emas, ochiq shaklda almashayotgani, Nazarboyev Karimov xatolariga befarq qolmaganiga diqqat qaratilmoqda.
Qozog’istonlik ekspert Do’sim Satpayev Nazarboyev hokimiyat tranzitini bevosita o’zining kuzatuvi ostida o’tkazishga qaror qilganiga, O’zbekistondagi favqulodda holat takrorlanmasligi uchun o’zida iroda topganiga urg’u beradi.
“Albatta, bu qaror Markaziy Osiyoda hokimiyat tranziti bilan bog’liq tajribalar inobatga olingan holda yuzaga chiqdi. Bu tajribalar yetakchi tirikligida hokimiyatni tark etgani ma’qulligini ko’rsatdi, masalan O’zbekistonda kuzatilgani kabi emas. Qolaversa, tepadan hokimiyat topshirilishini nazorat qilib turish ma’qul, buning uchun Nazarboyev lozim dastaklarni o’zida saqlab qoldi”, - deydi ekspert.
Qozog’istondagi ekspertlardan yana biri Saparboy Jubayev 30 yillik prezident Nazarboyev o’z hokimiyatini qonuniy tarzda topshirayotgan yetakchilardan biri bo’layotganiga ahamiyat qaratadi.
“Bu Qozog’iston taraqqiy topgan davlatlar qatoriga qo’shilganining belgisidir, ya’ni qonun ustuvorligi bor. Nazarboyev o’z vakolatini topshirgani bilan Qozog’iston rivojlanishidagi faoliyatidan chetlashmayapti, Xavfsizlik kengashiga o’tdi, lekin boshqaruvni o’zidan ancha yosh, tajribali siyosatchiga topshirdi. Qozog’istonning rivojlanishi uchun harakat qildi. Tokayev bilan birga ishlagan, shuning uchun unga ishonib topshiryapti. Yaqin bir yil ichida Tokayev prezidentlik qiladi, u ancha tajribali siyosatchi, BMT Bosh kotibi o’rinbosari lavozimida ham ishlagan. Xullas, u kelasi aprel oyiga qadar prezidentlik qiladi, balki Tokayev uning vorisi bo’lar, hozir shunday fikrlar ham bor”, - deydi Jubayev.
O’zbekistonda Karimovning kutilmagan o'limi hokimiyatga Shavkat Mirziyoyevni olib keldi.
Qozog’istonda bu tajriba takrorlanmasligi, siyosiy voris amaliyoti bevosita Nazarboyevning nazorati ostida o’tishi kutilmoqda.
“Nazarboyev hokimiyat almashishiga doir barcha tajribalarni, jumladan, Islom Karimov taqdirini ham taroziga solib, ma’qul variantni tanladi. Asosiy maqsad biror favqulodda hodisalarsiz hokimiyat tranzitini ta’minlash. Agar Nazarboyev 2020-yilgi saylovlargacha hokimiyatda o’tirganda edi, biror munosib nomzod chiqishi gumon edi, chunki Nazarboyevning obro’si juda baland. Tokayev prezidentligi davrida esa nomzodlar chiqishi mumkin, bunday odamlar esa bor, jumladan, Dariga Nazarboyeva ham. Bu Dariga Nazarboyevning qizi ekanligi uchun emas, balki mamlakatdagi ijtimoiy hayotga faol aralashayotgan siyosatchi sifatida o’zini nomzodini ko’rsatishi mumkin”, - degan fikrda Jubayev.
Nazarboyev siyosatini davom ettirishi aytilayotgan Tokayev mamlakat siyosatida biror keskin o’zgartirishlar qilishi ehtimoli kam.
Qozog’iston prezidentligi uchun saylovlar kelgusi yil aprel oyida o’tkaziladi.