NATO tashqi ishlar vazirlari harbiy alyansning 70 yilligini nishonlash uchun Vashingtonda yig'ilmoqda. Prezident Donald Tramp tashkilotni va uning ko'plab a'zolarini mudofaa uchun kam mablag' ajratib, AQShga suyanib qolayotganlikda ayblagan edi.
Prezident saylovi davrida Donald Tramp NATOni eskirgan tashkilot deb atagani ko'pchilikni hayratga solgan edi.
AQSh tashqi siyosati bo'yicha ko'plab ekspertlar, xususan, Mark Simakovskiyning aytishicha, NATO tarixdagi eng muvaffaqiyatli harbiy ittifoq.
"Qayta bosh ko'targan Rossiya bilan ishlashdan tortib, NATO janubidagi inqiroz, xususan, kiberxuruj kabi masalalarni bir yoqli qilishgacha bo'lgan o'zgarishlarga NATO moslasha olishini ko'rsatdi. Mudofaaga ham ko'proq mablag' sarflamoqda", - deydi Simakovskiy.
Tramp uchun harbiy byudjet asosiy masala. U yevropalik hamkorlarini bu yo'nalishga mablag'ni oshirishga undab keladi.
"Hamma o'z hissasini salmoqli miqdorda oshirishga rozi bo'ldi. Ilgari o'ylamagan darajada oshirishmoqchi", - deydi Tramp.
NATO qoidasiga ko'ra, har bir a'zo davlat yalpi ichki mahsulotining kamida ikki foizini mudofaaga ishlatishi kerak. 2018-yilda 29 davlatning faqat yettitasi bu talabni bajargan. Ikki foizlik qoida juda muhim, deydi tadqiqotchi Kurt Volker.
"Bu pulni boshqalarga bermayapsiz, NATO byudjetiga ham qo'ymaysiz, uni o'zingiz uchun ishlatasiz. Bu bilan o'z xavfsizligingiz uchun qayg'urishingizni ko'rsatasiz va NATO ham ishonch bilan sizga yordam bera olishiga ko'zi yetadi. Chunki bu davlat o'z hududini himoya qilish ahdida qat'iy ekanini biladi", - deydi u.
Mudofaa byudjeti muhim, lekin eng muhimi o'zaro ishonch, Tramp esa bu ishonchga putur yetkazdi, deydi Simakovskiy.
"Amerika prezidenti ittifoqning ahamiyatini shubha ostiga olib tursa, Moskva va Pekindagi dushmanlarimiz prezident tanqid qilgan kichik davlatlarni NATO himoya qilmasa kerak deb o'ylashni boshlaydi. Sammitda AQSh ma'muriyati bu yo'ldan bormasa kerak deb o'ylayman", - deydi u.
Simakovskiyning aytishicha, tomonlar Trampning nojo'ya gaplaridan saqlanish uchun uchrashuvni tashqi ishlar vazirlari darajasiga tushirgan.