Saudiya Arabistonida qator faollar hibsga olindi

  • Amerika Ovozi

Hibsga olingan faollar (chapdan o'ngga): Blogger Iymon al-Nafjan, o'ngchi faol Lujayn al-Xatlul, nafaqadagi universitet o'qituvchisi Aziza al-Yusuf

Saudiya Arabistonida ayollar huquqini himoya qiluvchilarga qarshi qo’llangan repressiya oqibatida kamida sakkiz yozuvchi va faol hibsga olindi. Ularning ikkitasi ham AQSh, ham Saudiya fuqaroligiga ega.

Huquq himoyachilarining bildirishicha, hibsga olinganlar qirollikning ayollarga munosabatiga qarshi chiqib, ayni damda sudda javob berayotgan faollarni himoya qilganlikda ayblanmoqda.

AQSh Davlat departamenti ikki Amerika fuqarosining qamoqqa olinganini tasdiqladi. Departament matbuot kotibi “zarur konsullik yordamini ko’rsatish va zudlik bilan fuqarolar bilan uchrashish” ustida ish olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Londonda joylashgan huquq himoyachilari guruhi “ALQST”ga ko’ra, panjara ortida ushlab turilganlar “islohotlarni ommaviy ravishda tanqid qilgan yozuvchilar va ijtimoiy tarmoq bloggerlaridan iborat”.

Ularning aksariyati o’tgan hafta ichida hibsga olingan.

Yozuvchi va shifokor Badr al-Ibrohim AQSh va Saudiya fuqaroligiga ega ikki mahkumning biridir.

Ikkinchi mahkum Saloh al-Haydar o’tgan hafta vaqtinchalik qamoqdan ozod qilingan, biroq sud nazoratida qolayotgan ayollar huquqi faoli Aziza al-Yusufning farzandi hisoblanadi. Faollar Saudiyada bir yilga yaqin hibsda ushlab turilgan. Taxminlarga ko’ra, ularga nisbatan qiynoq va jinsiy zo’ravonlik qo’llangan.

Sudga tortilgan faollar mamlakatda ayollarning avtomobil boshqarish huquqini talab qilgan va erkaklar hamrohligida harakatlanish talabiga qarshi chiqqan edi.

Misrlik siyosatshunos Said Sodiqning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, inson huquqlari bilan bog’liq ayblovlar Yaqin Sharqda keng tarqalgan, biroq bu aksariyat hollarda ikki tomonlama aloqalarning o’zgarishiga sabab bo’lmagan.

“Inson huquqlari mazkur mintaqada hamisha muammoli bo’lgan. Masala unga qanday amaliy yechim topishda. Bu mavzu ko’p bor ko’tarilgan, biroq xalqaro munosabatlarga hech qanday soya solmagan. Bong urilgan ovoz yo’q bo’lib ketavergan”, - deydi siyosatshunos.

AQSh Kongressi 4-aprel kuni Yamanda Saudiya yetakchilik qilayotgan koalitsiyaga yordamni qisqartirishga ovoz bergan edi. Saudiyada amalga oshirilayotgan hibslar ham aynan shu pallaga to’g’ri kelmoqda. Prezident Donald Trampning qonun loyihasiga qarshi veto qo’llash-qo’llamasligi ma’lum emas. Ayrim tahlilchilar Saudiyada faollarning qamoqqa olinishini AQSh Kongressining qarori bilan bog’lamoqda.

Voqelik jurnalist Jamol Qoshiqchi Saudiyaning Istanbuldagi konsulligida qatl etilgan davrdan buyon qirollik tanqidchilariga qarshi qo’llagan ilk repressiv chora sifatida qayd etilmoqda.