Davlat siri deb hisoblangan ko'plab maxfiy axborotlarni tarqatgan “WikiLeaks” sayti asoschisi Julian Assanj 11-aprel kuni Londonda hibsga olindi. U 2012-yildan buyon Ekvadorning Britaniyadagi elchixonasida yashab kelayotgan edi. AQSh asli avstraliyalik 47 yoshli Assanjni maxfiy hujjatlardagi ma’lumotlarni tarqatgani uchun ekstraditsiya qilishni so'ragan. Prezident Donald Tramp “WikiLeaks” haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytmoqda.
Ekvador elchixonasida 82 oylik umrini o’tkazgan Assanjni Britaniya politsiyasi qo’lga oldi. Ekvador rasmiylariga ko'ra, Assanj boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishda davom etib, siyosiy boshpana olish talablarini buzgan.
AQSh Prezidenti Donald Trampni jurnalistlar savolga tutdi.
“Men “WikiLeaks” haqida hech narsa bilmayman. Bu masalani ham men hal qilmayman. Julian Assanj bilan bog’liq yangiliklardan xabardorman, unga tegishli chora ko’rilishi kerak. Assanj ishiga munosabatni mukammal faoliyat yuritib kelayotgan adliya vaziri bildirishi kerak”, - dedi Tramp.
Tramp 2016-yilgi saylovoldi kampaniyasida Demokratlar partiyasi milliy qo’mitasiga tegishli elektron yozishmalarni fosh etgan “WikiLeaks”ni takror-takror tilga olgan.
“Men “WikiLeaks”ni sevaman”, - deya hayqirgan edi u o'shanda.
“WikiLeaks” 2010-yilda Iroq va Afg’oniston urushiga oid 700 mingdan ziyod hujjat, video, diplomatik telegramma va jang hisobotlaridan iborat maxfiy axborotni e’lon qilgan. Hujjatlarni “WikiLeaks”ga sobiq askar Chelsi Menning (o’sha paytdagi ismi Bredli Menning) yetkazib bergan. Hujjatlarda to’qnashuvlar qurboniga aylangan tinch aholi va terrorchilikda gumon qilinib, Guantanamo qamoqlarida ushlab turilgan shaxslar haqida batafsil ma’lumotlar ham bo’lgan.
Assanj 2012-yilda Shvetsiyada jinsiy zo’ravonlikda ayblangach, Ekvador elchixonasiga boshpana so’rab murojaat qilgan. Bu ayblov keyinroq bekor qilindi. U Vashingtonning harbiy sirlarini fosh qilgani uchun AQSh ekstraditsiya talab qilishidan ogohlantirgan edi.
“WikiLeaks” tahdid ostida qolar ekan, so’z erkinligi va barcha jamiyatlarimiz ahvoli ham xavf ostida qoladi”, - degan edi sayt asoschisi va direktori Assanj.
Vashington Assanjni Menning bilan til biriktirib, AQSh Mudofaa vazirligi kompyuterlaridagi maxfiy ma’lumotlarni qo’lga kiritganlikda ayblaydi.
AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan Birinchi o’zgartirish matbuot va so'z erkinligini kafolatlaydi. Tahlilchilar Assanjga qo’yiladigan ayblov konkretlashtirilishi lozim deb hisoblaydi.
“Axborotni olish jarayonida qonun buzilsa, so’z erkinligiga oid modda bilan himoya qilib bo’lmaydi. Biroq noqonuniy yo’l bilan qo’lga kiritilgan axborotni chop etish aynan shu modda asosida oqlanishi mumkin”, - deydi Mayami universiteti Huquqshunoslik maktabi tadqiqotchisi Kerolayn Korbin.
Assanjga barcha jurnalistlarga tegishli bo’lgan haq-huquqlar berilishi kerak, deydi uning tarafdorlari.
“Ayblov ishidan “WikiLeaks” va Julian Assanjga qarshi qasos isi kelayapti”, - deydi inson huquqlari faoli Piter Tetchell.
Ayblanuvchini AQShga ekstraditsiya qilish talabini endi Britaniya sudi hal qiladi.
“Men Britaniya adliya tizimiga ishonaman. Nazarimda, u o’zining so’z erkinligi huquqi poymol etilayotganidan arz qiladi”, - deydi Assanjning sobiq advokati Jeffri Robertson.
Assanjga, avvalo, Britaniya sudiga taslim bo’lmagani uchun javobgarlik yuklanadi.
Bu orada Assanjni jinsiy zo’ravonlikda ayblab sudga bergan shvetsiyalik ayol yopilgan bu ishni qayta ochishni talab qilmoqda. Bu esa sud ishini yanada murakkablashtirishi mumkin.