"Ozodlik" muxbiri Umid Bobomatov O'zbekistonga kiritilmadi

Umid Bobomatov, "Ozodlik"ning Rossiyadagi muxbiri

Rossiyadan O’zbekistonga borgan “Ozodlik” radiosi muxbiri Umid Bobomatov Toshkent aeroportidan ortga qaytarilgan. Jurnalistga deportasiya sababi aytilmagan. Topshiriq yuqoridan ekanligini aytish bilan cheklanishgan. Bobomatov hukumat uchun jurnalistlar mamlakatga kirishi taqiqlangan xavfli qatlam sifatida qolayotganidan taassufda.

4-iyun kuni Umid Bobomatov O’zbekistondagi qarindoshlarini ziyorat qilish uchun Moskva-Toshkent yo’nalishi bo’yicha uchib boradi. Toshkent aeroportidagi pasport tekshiruvidan turmush o’rtog’i, farzandi o’tadi. Tekshiruv navbati uning o’ziga kelganda jurnalist kirishi taqiqlanganlar ro’yxatida ekanligi ma’lum bo’ladi.

“O’tgan-ketganlarni ziyorat qilamiz deb uch oy avval bilet olib qo’ygan edik, taqdir taqozosi bilan bu Moskvadagi hayit kuniga to’g’ri keldi. Ayolim, qizcham bilan Toshkentga shuni bordik. Aeroportdagi nazoratdan qizim, ayolim o’tdi, hech narsa demadi. Menga kelganda esa, to’xtab turing, deb juda uzoq ushlab qolishdi. Shundan so`ng orqamda meni uch kishi kuzatib turganini sezdim. Nazarimda, ular men kelishimni oldindan bilishgan. Men hech qayerga olib kirishmadi, faqat siz tezda qaytib ketishingiz kerak, Moskvaga samolyot bor, shunga o’tqazamiz, deyishdi. Buning sababi nima? Ehtimol konsulni chaqirish kerak, yanglishdir desam, yo’q aniq, siz haqingizda, topshiriq tepadan kelgan, deb aytishdi”, - deya hikoya qiladi kuni Moskvaga qaytib kelishga majbur bo’lgan jurnalist Bobomatov.

Umid Bobomatov anchadan buyon “Ozodlik” radiosining Moskvadagi muxbiri sifatida ishlaydi. Asosan Rossiyadagi o’zbekistonlik muhojirlar bilan bog’liq vaziyatni yoritib keladi. Jurnalist Karimov davrida ham, bundan ikki yillar muqaddam ham O’zbekistonga borib-kelib yurgan, ortiqcha muammolar bilan to’qnash kelmagan.

Bobomatov o’z ismi O’zbekistonga kirishi taqiqlanganlar ro’yxatiga yaqin vaqtlar ichida, mamlakatda “Ozodlik” radiosiga nisbatan boshlangan kampaniya ortidan qo’shilganini ehtimol qiladi:

“Man hatto Karimov davrida ham mamlakatga bemalol kirib-chiqib yurganman. O’sha paytda ham meni bilishardi, jurnalistligimni, qayerda ishlashimni. Nazarimda, bu taqiq oxirgi oylarda “Ozodlik” radiosiga qarshi boshlangan kampaniya bilan bog’liq. Chunki bir haftalar muqaddam meni syujetlarim muhokama qilingan, keyin Rossiyadagi bloggerlar tomonidan “Ozodlik”ka qarshi qandaydir sujetlar tayyorlangan edi. Bu ham kampaniyaning bir qismi edi. Ular menga taqiq qo’yish bilan kimgadir mujda jo’natishmoqchi, mana nimalar bo’ladi nog’oramizga o’ynamasang deyishmoqchimi, xullas, bu hammasi so’nggi hodisalar, Allamjonovning “Ozodlik”ka qarshi gaplari, radioda ketgan tanqidlarga nisbatan munosabatga bog’liq”, - deydi Bobomatov.

O’tgan oy O’zbekiston hukumati mamlakatda blokka tushirilgan mustaqil internet nashrlarga qo’yilgan to’siqlarni olib tashladi, ammo “Ozodlik” radiosi to’siqdan chiqarilmagan edi. Tashkilotning ingliz tilidagi sayti ochiq, lekin O'zbek xizmati taqiqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov “Ozodlik” radiosini noxolis ish uslubida ayblab chiqqan.

Diqqatlisi, “Ozodlik” muxbiri Toshkentdan deportasiya qilinishi barobarida Tashqi ishlar vazirligi “BBC” radiosi muxbiriga O’zbekistonda akkreditatsiya berilganini bayon qildi.

Umid Bobomatov fikricha, O’zbekistondagi o’zgarishlarga qaramasdan hukumat jurnalistlarga xavfli qatlam sifatida qarash an’anasidan voz kechmagan.

“Mamlakatga kirishi taqiqlanganlar ro’yxatida asosan jurnalistlar, huquq himoyachilari yoki muxoliflar. Hatto terrorizmda, ekstremizmda ayblanganlarga, qidiruvga bo’lganlarga nisbatan ham taqiqlar olingan, ularni kirib kelishiga ruxsat berilgan, buni tan olish kerak. Lekin bu hukumat uchun jurnalistlar terrorizm, ekstremizmda ayblanayotganlardan ham ko’ra xavfliroq ekan, degan xulosaga olib keladi. Hozir bizdan ko’ra xavflirog’i yo’q ular uchun, shunday bo’lib chiqyapti”, - deydi jurnalist.

Hukumat idoralari hozircha jurnalist Umid Bobomatov nima sababdan O’zbekistonga kiritilmagani yuzasidan biror izoh bergani yo’q.