Shinjondagi qayta tarbiyalash lagerida ushlab turilgan taniqli uyg’ur yozuvchisi Nurmuhammad To’xti vafot etdi. Bu haqda “Amerika Ovozi”ga adibning Kanadada quvg’inda yashayotgan oila a’zolari ma’lum qildi.
Yozuvchi o’tgan yili Xitoy hukumatining xavfsizlik xodimlari tomonidan o’z uyidan olib ketilgan.
To’xtining nabirasi Barno Ilchiga ko’ra, bobosining lagerda yoki u yerdan ozod bo’lgach vafot etgani haqida aniq ma’lumot olinmagan. Shinjondagi qarindoshlarimiz telefonda gaplashishdan qo’rqadi, ularni eshitib turishgan bo’lishi mumkin, deydi Barno.
To’xti qayta tarbiyalash lagerlarida tutqunlikda bo’lgan yagona ziyoli emas. Pekin o’z siyosatini ekstremizm tahdididan himoyalanish chorasi ekani haqida bong urmoqda.
Vashingtonda asoslangan inson huquqlari bo’yicha tashkilot hisobotiga ko’ra, uyg’ur jamiyatining yuzlab jurnalistlari, talaba va ziyolilari hukumat lagerlarida qolmoqda.
Tadqiqotchi Genrik Shadzevskiyga ko’ra, ziyolilarning chet eldan boshpana topgan qarindoshlari yaqinlarining taqdiri haqida deyarli hech narsa bilmaydi.
Olimlarga ko’ra, Pekinning repressiya siyosati ortida uyg’ur va ozchilikdan iborat boshqa musulmonlarning o’zligini yo’qotib yuborish maqsadi yotadi.
“Xorijdagi uyg’urlarning vatan bilan aloqalarini uzib tashlash Shinjonning Xitoy Kommunistik partiyasiga itoatini mustahkamlash uchun qo’l keladi. Gap faqat avtonom hududni emas, balki uning aholisini qayta shakllantirishda. Ya’ni, ham moddiy, ham ma’naviy-ruhiy me’yorlar asosida”, - deydi Shadzevskiy.
Xalqaro tashkilotlar, G’arb mamlakatlari va AQSh Pekinning uyg’ur va ozchilikni tashkil etuvchi boshqa musulmonlarga qarshi repressiyasini keskin qoralaydi.
O’tgan haftada Tiananmen maydonida xitoyliklarning adolat talab qilib chiqqan namoyishiga 30 yil to’ldi. Harbiy yo’l bilan bostirilgan namoyishda yuzlab fuqaro halok bo’lgan edi.
“Xitoy fuqarolari bugun zulmning yangi to’lqini bilan yuzlashmoqda. Xususan, Kommunistik partiya rahbariyati uyg’ur madaniyatini metodik yo’l bilan bo’g’ib, Islom e’tiqodiga barham bermoqchi. Shu maqsadda bir milliondan ortiq musulmonlarni lagerlarda ushlab turibdi”, - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.