Poytaxt Toshkentdan qariyb 400 km uzoqlikdagi Qirg'iziston chegarasiga yetib borguncha atrodagi manzara bilan ovruldik. Yo'llar qanchalik yaxshilangan? O'zbekiston bo'ylab bir necha soatlik safarlarga chiqish bugun qanday?
Your browser doesn’t support HTML5
2003-2017 yillar orasida cheklangan tarzda faoliyat yuritgan "Do'stlik" o'tkazish punkti hozirda O'zbekiston va Qirg'iziston orasidagi eng yirik chegara va bojxona postidir.
Jami besh millionga yaqin aholiga ega Andijon va O'sh viloyatlarini bog'laydi. O'tgan ikki yilda bu yerda yuz bergan o'zgarishlar haqida so'zlar ekan, ayrim o'zbekistonlik va qirg'izistonlik yo'lovchilar vaziyatni ko'zida yosh bilan izohlab beradi.
"Ko'z tegmasin..."
"Ishqilib rahbarlarimizning so'zlari o'zgarmasin..."
"Til topishishgani rost bo'lsin..."
Ikki qo'liga 4-5 sumka-tugun ko'targan yuzlab odamlarni kuzatdik. Hamma tirikchilik dardida. Hayot oson emas, lekin chegara ochiq ekani ularning ishonchini va imkoniyatini oshirgan.
Andijon viloyati Bojxona boshqarmasi katta inspektori Farhodbek Karimov deydiki, poraxo'rlik va yulg'ichlikka qarshi kurash tizimda ham, jamoatchilik orasida ham eng muhim vazifa deb qaraladi.
Bojxona xizmati xodimlarining oyligi oshirilgan. Tekshiruv jarayoni ilg'or texnologiyaga asoslangan. Oshkoralik va haqqoniylik yagona yo'l, deydi Karimov.
Yo'lovchilar sistema toza ishlayotganiga 100 foiz ishonmasa-da, bugungi tartibdan minnatdor ekanini aytadi. Chegaradan o'tish oldingidek soatlab emas, bir necha daqiqa oladi xolos, deydi O'zbekiston va Qirg'iziston pasportini ko'targan odamlar.
Har ikki tarafga har kuni o'tadigan fuqarolarga ko'ra, hozirda postda asabiylashish hollari oz. Nima uchun ketayotganingizni aytasiz, oldingidek so'roq qilish yo'q, deydi yo'lovchilar. Rostini aytmasangiz, muammo chiqishi mumkin.
"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan yo'lovchilar orasida Qirg'iziston tomondan noliganlar bo'ldi. Pora bermasangiz o'tish qiyin, deya shikoyat qilganlar pulni bojxona yoki chegara xizmatchilari emas, boshqa odamlar so'rashishini aytdi.
"Amerika Ovozi"ning e'tibori O'zbekiston tarafda va chegaraning narigi tomoniga o'tilgani yo'q. Shu bois ham yo'lovchilarning iddaolari "postlarning farqi nima" degan savollarga javob sifatida berilmoqda xolos.
Qozog'iston va Tojikiston bilan chegara postlarida bo'lgani kabi Qirg'izistonga o'tish joyida ham rahbariyat "Amerika Ovozi" jarayonni tasvirga olib, yo'lovchilar va xodimlar bilan gaplashishiga qarshilik qilmadi. Ayrim hollarda xizmatchilarning yuzini ko'rsatmang, deya iltimos qilindi.
Xalqaro sayyohlar bilan muloqot. Boshqa viloyatlardan kelib, chegara osha turli madaniy va sport tadbirlarida qatnashib kelayot yosh avlod va ularning murabbiylari hamda chegarada ishlab, oilasini boqayotgan ayollar bilan suhbat.
Tomosha qiling: