AQShda ultra o’ngchilar tahdidi ortishda davom etmoqda. Biroq AQSh Tergov byurosi va Adliya vazirligi zo’ravonlikni ta’qib qilish va jinoyatchilarni javobgarlikka tortish ishlariga yetarlicha e’tibor qaratmayapti. Nyu-York Huquq universitetining Brennan markazi tomonidan tayyorlangan hisobotda ana shunday xulosa qilingan.
“Ichki terrorizm” tamg’asini olgan yirik jinoyatlar huquqni himoya qilish organlarining diqqatini zabt etadi. Biroq nafratga asoslangan jinoyatlar, turli to’dalar zo’ravonligi va ommaviy qotillik e’tibordan chetda qolmoqda, deyiladi hisobotda.
So'nggi paytlarda AQShda oq irqchilarning “Identity Europe” guruhi o’z bo’limlarini ikki martaga ko’paytirgan.
“Atomawaffen” deb nomlanuvchi yana bir neonatsistlar guruhining yagona idorasi 27 taga yetdi.
“The Right Stuff” tashkiloti esa oq tanli millatchilar uchun 34 ta mahalliy bo’limlarini ochishga muvaffaq bo’lgan.
2018-yilda irqchi-millatchi guruhlar soni rekord darajaga yetgan. Alabama shtatida joylashgan huquqni himoya qilish tashkiloti o’tgan yilda 1020 ta ana shunday guruhlar faoliyat yuritganini ma’lum qildi. Ularning soni 2017-yilga nisbatan yetti foizga oshgan.
Irqchi guruhlarning son bo’yicha bundan avvalgi rekordi 2011-yilda kuzatilgan edi. Ilk qora tanli prezident Barak Obama davrida kuchaygan e’tiroz natijasida irqchi-millatchi guruhlar 1018 taga yetgan.
O’sish nafaqat oq, balki qora tanli irqchi guruhlarda ham qayd etilgan. Oq tanli irqchi-millatchi guruhlar soni 100 tadan 148 taga oshgan. Qora tanli irqchilar guruhlari, jumladan, antisemit, noan’anaviy jinsiy oriyentatsiyaga ega qatlamlar va oq tanlilarga qarshi jamoalar soni 233 tadan 264 taga yetgan.
Razvedka byurosining jinoyat ishiga qo’ygan tamg’asi ishga safarbar qilingan resurs hajmi va tergov ko’lamini aniqlashda muhim rol o’ynaydi. Terrorizmga oid jinoyatlarni fosh qilish byuroning eng keng miqyosda fosh etgan ishlari sakkizligida birinchi o’rinda. Nafratga asoslangan jinoyatlar beshinchi, to’dalar zo’ravonligi oltinchi o’rinda turadi.
“Adliya vazirligining amaldagi tartibiga ko’ra, irq, din, millat, gender, jinsiy oriyentatsiya yoki nogironlik asos bo’lgan jinoyatlarni tasniflash erkin amalga oshiriladi. Biroq rasmiylarning jinoyatlarni qanday guruhga kiritishi, tahdidni baholashi, ta’qib qilishi, tergov qilishi va javobgarlikka tortishining oqibatlari muhim ahamiyatga ega”, - deb yozadi hisobot mualliflari Maykl German va Emmanuel Moleon.
O’tgan yilning oktabr oyida Robert Bauers Pensilvaniya shtatidagi sinagogaga bostirib kirib, 11 kishini otib o’ldirgan, olti kishini yaralagan edi. Yana bir ultra o’ngchi Jon Ernest aprel oyida San-Diyegodagi sinagogada to’rt kishiga o’q uzgan. Bir kishini o’ldirgan. Bundan oldin Ernest masjidga o’t qo’ygan edi.
Afsuski, Razvedka byurosi jinoyatlar ildizini axtarmayapti, deydi ba'zi faollar. Natijada tahlilchilar va siyosatchilar muammolar ko’lamini aniqlash va uning yechimlariga doir takliflar berishga qiynalmoqda.
Razvedka byurosi irq, din va jinsga nafrat asosida amalga oshirilgan jinoyatlar bo’yicha yillik hisobot taqdim etadi. O’tgan yilda 2017-yil ko’rsatkichlari ma’lum qilinib, 7 mingdan ziyod ana shunday jinoyatlar amalga oshirilgani qayd etilgan edi.