AQSh qonunchilari Saudiya Arabistonini jazolamoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Jeyms Rish

Inson huquqlarini poymol etgani uchun AQSh Kongressida Saudiya Arabistoniga qarshi chora ko’rishga doir qonun loyihasi taqdim etildi. Tashabbus Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi tomonidan bildirilgan. Biroq loyihada qirollikka qurol-aslaha sotishni to’xtatish nazarda tutilmagan.

Respublikachi Jeyms Rishga ko’ra, har ikki partiya vakillari ma'qullagan qonun loyihasi AQSh-Saudiya diplomatik munosabatlarini to’liq qayta ko’rib chiqishga qaratilgan. Shuningdek, hujjatda qirollik oilasi vakillari inson huquqlarini poymol etganlikda ayblanadi.

Biroq Prezident Trampning imzosini kafolatlash maqsadida loyihaga Saudiyaga qurol savdosini cheklash masalasi kiritilmagan. AQSh rahbariga ko’ra, Riyodga qurol sotish mamlakatda ish o’rinlarini saqlab qolish va Eron tahdidiga qarshi kurash uchun muhim.

Kongress yaqinda bir necha davlatlarga milliardlab dollarlik qurol savdosini cheklashga ovoz bergan edi. Ro'yxatga Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari ham kiritilgan. Ma’lumki, bu ikki davlat Eron dastaklayotgan isyonchi xutiylarga qarshi kurashda Yamanni qo’llab-quvvatlaydi.

“Muhammad bin Salmon valiahd shahzoda sifatida tashqi va ichki ishlarga doir muhim vakolatlarni qo’lga kiritgach, Saudiya beqaror va tahdidli qadam tashlamoqda”, - deyiladi qonun loyihasida.

Hujjatda Prezident Trampdan qirollik oilasi vakillarining vizalarini bekor qilish va kelajakda viza murojaatlariga rad javobini berish ham so’ralgan.

“Biz Eron aggressiyasiga qarshi turishimiz, lekin Saudiya Arabistonini ham zaif qilib qo’ymasligimiz kerak. Hamkorlarimiz qurol savdosi, AQShning harbiy treninglari va maslahatlariga muhtoj. Ular tahdidlardan yetadigan zararlarni kamaytirish va bosimga qarshi turish salohiyatini oshirishda AQSh ko’magiga tayanadi”, - dedi Rish.

Qonunchilar, shuningdek, prezidentning favqulodda vaziyat e’lon qilib, qurol savdosini Kongress roziligisiz nazorat qilishga erishishiga qarshi rezolyutsiya qabul qilgan.