2020-yilgi prezidentlik saylovi uchun bellashayotgan demokrat nomzodlar ta'lim mavzusiga alohida e'tibor qaratmoqda. Ayniqsa, yosh saylovchilar ko'nglini olish uchun bu muhim.
Vashingtondagi Amerika universiteti talabasi Samanta Makalister uchun eng katta muammo - o'qish pulining qimmatligi va ta'lim krediti uchun olgan qarzlari.
"Universitet xarajatlari juda qimmatlashib ketdi. Hatto o'rta-maxsus va shtat darajasidagi kollejlarda ham. Men o'qiyotgan xususiy universitetlarda esa haddan tashqari baland. Bizniki eng qimmat universitetlardan ham emas aslida", - deydi u.
"Yosh yengilmaslar" guruhi faoli Sonsia Koulmen ham shu fikrda.
"Oliy ta'lim va talabalar qarzi katta masala. Bu yoshlarning o'qish, uy sotib olish, farzand ko'rish kabi qarorlar qabul qilishga ta'sir ko'rsatadi. Ularning hayoti, iqtisodiy imkoniyatlari shunga bog'liq", - deydi u.
Yoshlarni o'ziga jalb qilish uchun demokratlar turli takliflar bilan chiqmoqda. Ular orasida o'rinli va o'rinsizlari bor, deydi kuzatuvchilar.
"Amalga oshish ehtimoli eng kam bo'lgani - talaba qarzlaridan kechish. Kredit qarzlarini bekor qilish haqidagi keng qamrovli dastur ish bermaydi. Bu juda qimmat va yaxshi siyosat emas. Bepul ta'limning ba'zi turlarini joriy qilish mumkin. Arzon o'rta-maxsus kollejlar yoki o'qishni qarzsiz bitirish choralarini ko'rsa bo'ladi", - deydi tahlilchi Duglas Harris.
Ta'limdan tashqari, yoshlar boshqa ijtimoiy muammolar bilan ham yuzlashmoqda.
"Sog'liqni saqlash tizimi yana bir muammo. Biz sug'urtasiz yoshlar sonini kamaytirish uchun ko'p ishlar qildik. Ular barchani qamrab oluvchi tibbiy sug'urta tizimi bo'lishini istaydi. Shuningdek, bu iqtisodiy masala. Maoshlarning o'smayotgani kabi omillarning ham ta'siri bor", - deydi Koulmen.
Ba'zi masalalar faqat ularning avlodiga xos; ota-onalari bunday muammolar bilan yuzlashmagan.
"Fuqarolar faolligi, ovoz berishga undash hamda immigratsiya masalalari dolzarb. Yoshlar uchun bu mavzular muhimligicha qolmoqda", - deydi Koulmen.
Garvard universitetining Siyosat instituti bahorda o'tkazgan so'rovga ko'ra, demokrat nomzodlar Jo Bayden va Berni Sanders yoshlar orasida eng ko'p quvvatlovga ega. So'nggi oylarda senator Elizabet Uorren va indianalik mer Pit Butejejning obro'si ham oshib bormoqda.
Yosh saylovchilar soni keksalardan ko'proq bo'lishi mumkin, ammo, odatda, yoshlarning ko'pi saylov kuni ovoz berishga chiqmaydi. So'nggi yillarda bu borada ham o'zgarishlar sezilmoqda va nomzodlar o'z strategiyalarini shunga mos tarzda o'zgartirib bormoqda.