AQSh Qamoqxonalar Federal Byurosi 16 yillik tanaffusdan so’ng o’lim jazosini qayta tiklamoqda. Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, qotillikda aybdor deb topilgan besh mahbusga nisbatan dekabr-yanvar oylarida oliy jazo ijro etiladi. Byuro o’lim jazosi uchun ayrim shtatlarda tabletkadan foydalanadi.
Federal darajadagi so’nggi oliy jazo 2003-yilda amalga oshirilgan. O'shanda 19 yoshli askarni olib qochib o’ldirganlikda aybdor deb topilgan urush veterani Luis Jons qatl etilgan edi. O’lim jazosi bo’yicha axborot markaziga ko'ra, ayni damda 65 mahbus oliy jazoga hukm qilingan.
Hozirda shtatlarning yarmidan ko’pida o’lim jazosi qo'llanadi.
Bunday jazo tarafdori bo’lgan Adliya vaziri Vilyam Barr fikricha, vazirlik respublikachi va demokratlar ma’muriyati ostida o’ta og’ir jinoyatlarga nisbatan oliy hukm amal qilishiga erishdi.
O’limga hukm qilingan mahbuslardan biri Daniel Lyuis oq tanli irqchilardan. U 1999-yilda uch kishilik oilani o’ldirgan. Sakkiz yoshli begunoh qizaloqning umriga zomin bo’lgan. Adliya vazirligiga ko’ra, besh mahbusning har biri apellyatsiya va boshqa himoya choralaridan foydalanib bo’lgan.
Oliy jazo o’limga sabab bo’ladigan pentobarbital tabletkalari vositasida amalga oshiriladi. Tabletka avvalgi uch modda qorishmasidan iborat vositaning o’rnini egallaydi. Adliya vazirligiga ko’ra, pentobarbital 2010-yildan boshlab 14 shtatda 200 dan ziyod oliy jazo ijrosida qo’llanilgan.
AQShda o’lim jazosi Oliy sud tomonidan shaxsiy xulosaga bog’liq qaror deb topilib, 1972-yilda bekor qilingan edi. 1988-yilga kelib qisman tiklangan.
AQSh G’arb mamlakatlari ichida o’lim jazosi amal qilayotgan yagona davlat bo’lib turibdi. Ayni damda 29 shtatda oliy jazo ijro etiladi. O’tgan yilda 25 mahbusga o’lim jazosi belgilangan. Yevropada oliy jazo deyarli tugatilgan. Belarus bundan mustasno.