O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni imzo chekkan qarorga ko'ra, Qoraqalpog'istondagi Jasliq maxsus jazoni o'tash zonasi yopiladi. Bu qamoqxona azaldan "qiynoqlar koloniyasi" sifatida tanilgan. Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilotlar, xususan "Human Rights Watch" (HRW), shuningdek, BMTning tegishli organlari O'zbekiston hukumatini Jasliqni yopishga chaqirib kelar edi. HRWning Markaziy Osiyo, jumladan O'zbekistondagi vaziyatni o'rganuvchi vakili Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) "Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan, Toshkentdan kelgan yangilikka shunday munosabat bildirdi:
"O’zbekiston prezidenti Jasliq qamoqxonasini yopishga qaror qilgani shubhasiz juda ijobiy yangilik. “Human Rights Watch” bu qadamni bag’oyat olqishlaydi. Ahamiyati shundaki, BMT va ko’plab huquq tashkilotlari deyarli 20 yildan buyon Jasliqni yopishga undab kelayotgan edi. Sababi - bu zonada ko’plab mahbuslar ayanchli qiynoqqa solingani haqida bilamiz. U yerdagi sharoit xalqaro me’yorlarga javob bermas edi. Shu bois, Jasliq yopilayotgani to’g’ri qaror".
Hech bir qamoqxonada va hech qachon biror mahbus qiynoqqa solinmasligi kerak
Sverdlov deydiki, oldinda qilinadigan ishlar juda ko’p. Prezident islohotlarni davom ettirishi lozim, deydi u. Sobiq mahbuslar, Jasliqda uzoq o’tirib chiqqanlar O’zbekiston jamoatchiligiga boshdan kechirganlarini aytib berishi, xalq saboq olishi va bu hollar boshqa qaytarilmasligi lozim.
HRW Prezident Mirziyoyevni O’zbekistonda qiynoqlarga yo’l qo’yilmasligini ta’minlashga chaqirmoqda.
"Hech bir qamoqxonada va hech qachon biror mahbus qiynoqqa solinmasligi kerak. Bu borada hali ko’plab qadamlar tashlanishi kerak", - deydi Sverdlov.
"Umidimiz, hukumat fuqaro jamiyati, mustaqil nohukumat tashkilotlar hamda sobiq siyosiy mahbuslar bilan yaqindan ishlab, o’tmishdagi xatolardan to’g’ri xulosa chiqarib, O’zbekistonda islohotlar samara berishi, so’z erkinligi qanot yozib mustahkamlanishi uchun imkon yaratadi".
Prezident qaroriga ko'ra, inshoot Qoraqalpogʻiston Ichki ishlar vazirligiga o'tadi. Nukusdagi 2-tergov hibsxonasining bir qismiga aylanadi.
Jasliq koloniyasini tugatish boʻyicha komissiya tashkil etilib, mahbuslar boshqa jazoni o'tash muassasalariga ko'chiriladi.
Ichki ishlar vaziri Po'lat Bobojonovning davlat telekanaliga bildirishicha, ayni damda Jasliqda 395 mahbus bor. Ularning 10 foizi ekstremizm bilan bog'liq ayblar bilan jazo o'tamoqda. Jasliqqa eng ko'pi bilan 1100 mahbus sig'adi, limit shu, deydi vazir. Lekin "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan sobiq mahbuslar u yerda vazir aytgan limitdan bir necha barobar ko'p odam saqlanganini aytishadi.
HRW bu jarayonlarda qonunbuzarlik va huquqbuzarlik hollariga yo'l qo'yilmaydi degan umidda.