Sietl - shishali san'at asarlari markazi

  • Amerika Ovozi

Sietl "Microsoft" va "Amazon" kabi gigant kompaniyalar vatani. Shu bilan birga, AQShdagi oynali san'at markazi hamdir. Chixuli oyna muzeyida Deyl Chixuli yaratgan minglab san'at asarlari bor.

Sietlning afsonaviy "Speys-Nidl" minorasi yonida Chixuli bog'i va oynali muzeyi bor.

Amerikada shisha san'ati shaharning mana shu yeridan boshlanadi.

Muzey bog'idagi gullar, daraxtlar va o'simliklar orasida shishadan yasalgan haykallar bor.

Ko'rgazmalar zalida vashingtonlik Deyl Chixuli yaratgan eng go'zal asarlar namoyishga qo'yilgan.

Markaziy asar - oynalar uyi. U Chixulining issiqxonalarga bo'lgan azaliy qiziqishi asosida yaratilgan.

"Tepada u yaratgan eng katta san'at asarlaridan birini ko'rayapsiz. Mingdan ortiq "forsiy" parchalar bor. U ularni shunday deb ataydi. Qizil, sariq va apelsin ranglarida osilib turadi", - deydi muzey xodimi Mishel Bufano.

Oynali o'rmon galereyasida rang va nurlar tomoshasidan odamning ko'zi qamashadi.

Dengiz hayoti xonasida esa Chixuli Tinch okeanidan qanday ilhomlangani aks etgan. 20 metrli haykal go'yoki dengiz suvlariga burkangan.

1970-yil yuz bergan avtohalokatda Chixuli bir ko'zidan ayrilgan. Lekin murakkab rang, hajm va detaldagi asarlarni yaratishda davom etgan.

"Bu yerda nimalarni ko'rishim haqida menda tasavvur yo'q edi. Juda ko'p rang, uslub va dizayndagi ishlar bor ekan", - deydi sayyohlardan biri.

"Chixuli oynasi va bog'i aks etgan rasmlar uyimizda bor. Lekin shaxsan kelib, o'z ko'zingiz bilan ko'rganingizga yetmaydi", - deydi tashrif buyurganlardanbiri.

"Har birini ko'rish o'ziga xos, juda ajoyib. Buni qanday yaratganidan hayratlanasiz. Odamni salobat bosadi", - deydi yana bir tomoshabin.

Chixuli san'ati dunyo bo'ylab namoyish qilinadi. Sietldagi muzey bu asarlarning doimiy uyi hisoblanadi.