AQSh harbiylarining aytishicha, Afg'onistondan AQSh kuchlarini olib chiqish haqida gapirishga hali erta. AQSh dengiz piyoda kuchlari generali, Qurolli kuchlar Bosh shtabi qo’mondoni Jozef Danfordning aytishicha, Vashington askarlarini Afg'onistondan chiqarishni hali rejalayotgani yo'q. Ayni paytda AQSh Tolibon bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.
Doxadagi Tolibon vakilining aytishicha, tomonlar AQSh kuchlarining Afg'onistondan chiqishini ta'minlovchi kelishuvga yaqin turibdi. Tolibon o'z navbatida Afg'onistonda terrorchi guruhlarga joy bermaslik majburiyatini zimmasiga oladi. Guruh rasmiylariga ko'ra, kelishuvga erishilsa, AQSh kuchlari ikki yil ichida Afg'onistonni tark etishi kerak.
General Jozef Danford fikricha, askarlarni olib chiqish haqida gapirishga hali erta.
"Muzokaralar arafasida amaliy muhit o'zgaradi, biz vaziyatni o'rganishimiz kerak. Shundan so'ng mudofaa vaziriga tavsiya beraman va so'ng prezident bilan gaplashamiz", - deydi Danford.
Bu orada Afg'onistonda zo'ravonliklar davom etmoqda. 28-avgust kuni Hirot viloyatida Tolibon amalga oshirgan xurujda 14 askar halok bo'lgan. Muzokaralar davrida ham hujumlar davom etmoqda.
"Isyonchilar bilan bog'liq zo'ravonliklar davom etayotgan paytda biz va afg'onlar yordam zarurligi borasida hamfikrmiz. Shu bois bugun Afg'onistonda askarlarimiz bor", - deydi Danford.
Tolibon 1996-yildan 2001-yil AQSh kuchlari mamlakatga bostirib kirguncha Afg'onistonni boshqargan. Ko'plab afg'onlar xavotiriga ko'ra, agar xalqaro kuchlar chiqib ketsa, mamlakat yana qonli urushga sho'ng'ishi mumkin. Ayollar esa ta'lim olish, ishlash va erkin harakatlanish huquqlari cheklanishidan qo'rquvda.
"Tolibon ayollarga, ularning muvaffaqiyat qozonishiga qarshi. Agar ular tinchlik bitimida shu narsaga rozi bo'lsa, bu juda yaxshi. Agar tinchlik kelishuvida ayollar huquqi kafolatlanmasa, bu yaxshi emas", - deydi Sumayya Mustafo ismli talaba.
Tolibon Kobuldagi hukumatni AQSh qo'g'irchog'i deb biladi va ular bilan muzokara qilmoqchi emas. Ammo muloqotning afg'onlar o'rtasida kechishi davomiy tinchlik uchun muhim, deydi AQSh rasmiylari. Prezident Ashraf G'ani qarashlari yanada keskin.
"Tolibon shu mamlakatning bir qismi, lekin ular davlat taqdirini belgilamaydi. Saylov afg'onistonliklarning qonuniy huquqi va qonuniy hukumatni ular tanlaydi", - deydi G'ani.
AQSh muzokarachilari Afg'oniston prezidentligi uchun 28-sentabrga belgilangan saylovgacha Tolibon bilan kelishuvga erishishga umid qilmoqda.