Turkiya, Eron va Rossiya prezidentlari 16-sentabr kuni Anqarada uchrashib, Suriya fuqarolar urushiga yakun yasash masalasini muhokama qildi.
Ushbu sammit 2017-yilda Qozog’iston poytaxtida “Ostona tinchlik jarayoni” nomi bilan ish boshlagan edi. Sammit liderlari Rajab Toyyib Erdog’an, Hasan Ruhoniy va Vladimir Putin Suriyada tinchlik o’rnatish bo’yicha hamkorlik qilishga kelishib olgan. Biroq tomonlar ayni damda terrorchi guruhlar qo’nim topgan so’nggi hudud – Idlib viloyati taqdiri bo’yicha qarama-qarshi fikrda.
“Biz Suriyada uzoq muddatli siyosiy birdamlik va hududiy yaxlitlik ta’minlanishi borasida yakdilmiz”, - dedi Turkiya rahbari.
Erdog’an Suriya kurdlari yetakchiligidagi isyonchilar harakatiga zarba berish maqsadida qat’iy ekanini ma’lum qildi.
Anqara harakatni terrorchi guruh deb e’lon qilgan. Shuningdek, guruh Turkiya ichkarisidagi isyonchi kurdlarni qo’llab-quvvatlashda ayblanadi. Biroq kurdlar Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Vashingtonning muhim ittifoqchisi bo’lgan.
O’tgan oyda Turkiya va AQSh qo’mondonlari Suriyada qo’shma bufer zonasini yaratish bo’yicha muzokaralar olib borgan. Ushbu xavfsiz hudud Turkiya chegarasini kurdlar tahdididan himoya qilishi nazarda tutilgan. Tahlilchilarga ko’ra, NATOning ikki ittifoqchisi o’rtasida hanuz Suriya va xavfsiz hudud bo’yicha qator masalalar ochiq qolmoqda.
Erdog’an joriy oy yakuniga qadar xavfsiz hudud tuzilmasa, Turkiya AQSh dastaklayotgan kurdlar harakatiga bir tomonlama hujum boshlashini bildirgan.
Ruhoniy AQSh qo’shinlarining Suriyadan hanuz chiqib ketmaganini tanqid ostiga oldi.
“Prezident Tramp o’tgan yili AQSh kuchlarining Suriyani tark etishini e’lon qilgan edi. Biroq uning bu bayonoti ham boshqa bayonotlari kabi yolg’on bo’lib chiqdi. Amerika harbiylarining vataniga qaytishi Suriya hukumatining mamlakat sharqida nazorat o’rnatishi uchun muhim”, - dedi Ruhoniy.
Putin Turkiya pozitsiyasini qo’llab-quvvatlab, har qanday mamlakat o’z chegarasini himoya qilishga haqli ekaniga urg’u berdi. Shuningdek, mavjud tahdidlar bartaraf etilgach, hujumlar yakunlanishi kerak, dedi Rossiya rahbari.
Tahlilchilarga ko’ra, Ruhoniy, Erdog’an va Putin Vashington kurdlarning mustaqil yoki avtonom hududini tuzishni xufyona rejalayotganini taxmin qilmoqda.
Mutaxassislar AQSh-Turkiya munosabatlarida tobora keskinlashib borayotgan vaziyat Putinga qo’l kelishi mumkin deb hisoblaydi.
“Rossiyaning muddaosi NATO-AQSh-Turkiya aloqalarini zaiflashtirish”, - deydi Istanbulning Yeditepe universiteti professori Mesut Jashin.
Idlib viloyatining kelajagi xususida ham tomonlar turli qarashga ega. Erdog’an Damashqning isyonchi guruhlarga qarshi hujumini to’xtatishini talab qilmoqda. Anqara yana bir million atrofidagi qochqinlar oqimi Suriyadan Turkiyaga o’tishidan xavotirda.