Toshkentda terrorchi guruhlarga qo’shilishni maqsad qilgan bir guruh fuqarolar qo’lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Hibsdagilardan biri, “Zubayra” taxallusli yigitning Istanbuldagi madrasada radikal islom g’oyalari bilan tanishib qaytgani iddao qilinmoqda.
Ichki ishlar vazirligi so’nggi paytdagi amaliyotlar natijasida Suriyadagi terrorchi guruhlarga qo’shilishni rejalagan 10 dan oshiq kishi qo’lga olingani haqida axborot berdi.
Bu xabar jamoatchilikda diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash yuzasidan ahvol yomonlashishi munkinligi haqidagi xavotirlarni oshirdi. So'nggi voqea Toshkentda yoshlarning radikallashishiga qarshi xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi olg’a surilgan bir paytda yuz berdi.
O’zbekistonda terrorchilik va ekstremizmda gumonlangan fuqarolarning ommaviy hibs qilinishi anchadan buyon kuzatilmayotgan edi.
Ichki ishlar vazirligining Suriyadagi jangarilarga qo’shilishni rejalagan guruhning qo’lga olinganiga doir xabari diniy siyosatdagi kechayotgan so’nggi o’zgarishlar ortidan kuzatilayotgan dastlabki ommaviy hibslardan biri.
Xabarda aytilishicha, maxsus amaliyot davomida avval uch kishi, so’ngra yana sakkiz kishi qo’lga olingan, ular Suriyadagi terrorchi guruhlarga qo’shilishni rejalashda ayblanmoqda.
Matbuotda terrorchilikda gumonlan yana bir shaxs haqida xabar tarqagan. Unda ta’kidlanishicha, “Zubayr” taxallusi ostidagi bu fuqaro Istanbuldagi madrasalardan birida diniy ekstremizmdan tahsil olib qaytgan.
“7news.uz” nashri huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayanib yozishicha, Turkiyaga ishlagani borgan “Zubayra” u yerda Abdullo Buxoriy (Istanbulda otib o’ldirilgan asli o’zbekistonlik imom) tomonidan asos solingan “Ihsan ilm” madrasasida o’qigan. Ayni paytda Karimulloh Tango rahbarlik qilayotgan bu madrasa musulmonlarni Suriyadagi terrorchi guruhlar safiga yollash bilan shug’ullangani da'vo qilinadi.
So’nggi paytda diniy liboslar, soqolga nisbatan norasmiy taqiq, ro’molda maktabga qatnayotgan o’quvchilar ro’yxati tuzilayotgani bilan bog’liq mojarolar jamoatchilikda hukumat dindorlarga nisbatan munosabatda eski tuzum davri siyosati va usullariga qaytayotganiga doir xavotirlarni kuchaytirgan.
Bir muncha oldin Vazirlar Mahkamasi dindorlar alohida nazoratga olinayotganiga doir jamoatchilikda paydo bo’lgan bu xavotirlarni rasman rad etib chiqqan edi.
Mahallalarda diniy hayot kechirayotgan oilalar, ro’moldagi qizlar, soqolli erkaklar bo’yicha joylardagi hokimiyatlarga hisobot topshirish so'ralgani aks etgan varaqalar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo'lishi ortidan Vazirlar Mahkamasi buni rasman rad etib chiqqan va tarqatilgan xabarlarni uydirma deb atagan edi.
Ammo “Ozodlik” radiosida e’lon qilingan maqolaga ko’ra, maktablarda hokimiyat buyrug'i bilan ro'molli qizlar ro'yxatini tuzish holatlari yuz bergan.
Ro’mol bilan bog’liq muammolar O’zbekistonda o’quv yili boshlanishi ortidan yuzaga chiqdi. Ro’moli bois maktabga kiritilmagan o’quvchilardan birining otasi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda maktablardagi tartib musulmonlarning e’tiqod erkinligini buzayotgani yuzasidan shikoyat qilgan edi.
O’zbekiston konstitutsiyasiga muvofiq e’tiqod erkinligi kafolatlangan, qonunda diniy liboslar taqiqlanishiga doir band yo’q, ammo bu masalada Oliy sud ham maktablardagi ichki tartib ustuvorligini himoya qilib chiqqan edi.
Mahalliy deputat Qobil Dusovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, diniy liboslarga noqonuniy taqiq mavjudligi hukumat islohotlariga nisbatan ishonchsizlik uyg’otayotgan omillardan biriga aylanib bormoqda.
Faollarga ko'ra, ro’mol va soqol radikallik, diniy ekstremizm ko’rsatkichi emas, ammo O’zbekiston hukumati diniy amallarni bajaruvchi qatlamda diniy radikalizm bilan bog’liq xavfni ko'radi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bu haqda Nyu-Yorkda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash (OHIChK) majlisida ham gapirgan, yoshlarning radikal oqimlarga ergashishiga qarshi xalqaro konferensiya o’tkazish tashabbusini olg'a surgan.
Ta’kidlanishicha, yoshlarning radikal g’oyalarga ergashayotgani mintaqaning asosiy muammolaridan va shu munosabat bilan 2020-yilda OHIChK doirasida xalqaro konferensiya o’tkazish taklif qilingan.