Inson huquqlari bo’yicha Vaslav Gavel mukofotiga Xitoyda umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan Ilhom To’xti munosib ko’rildi. Uyg’urlar faoli bo’lgan To’xti 20 yildan ziyod vaqt mobaynida bosim ostidagi etnik guruhlarning huquqlari uchun kurashgan. U 2014-yilning sentabr oyida hibsga olingan edi. Mukofotni To’xti nomidan Anvar Jon qabul qilib oldi.
Yettinchi bor taqdim etilayotagn Vaslav Gavel mukofoti 2019-yilda ikki sovrindorga loyiq ko’rildi. Bolqon xalqlarini birlashtirishga xizmat qilib kelayotgan Inson huquqlari bo’yicha Yoshlar tashabbusi tashkiloti ana shunday e’tirofga sazovor bo’ldi.
Tantanali marosim Fransiyaning Strasburg shahrida Yevropa Kengashining Parlamentar Assambleyasida 30-sentabr kuni bo’lib o’tdi.
2013-yilda ta’sis etilgan mukofotga Chexoslovakiya va Chexiya sobiq Prezidenti Vaslav Gavel nomi berilgan. Mukofot dunyo bo’ylab inson huquqlari uchun kurashgan shaxslar, nodavlat tashkilot va institutlarga taqdim etiladi.