Din

Hisobot: Xitoy islomiy obida va masjidlarini vayron qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Koshg'ar shahridagi vayron qilingan masjid

Huquq faollarining aytishicha, Xitoy hukumati uyg’ur xalqining diniy, madaniy va etnik o’zligini yo’q qilish siyosatini olib bormoqda.

Uyg’ur Inson huquqlari loyihasi va Uyghurism.com sayti birgalikda chop etgan hisobotga ko’ra, Xitoy hukumati so’nggi yillarda Shinjon uyg’ur viloyatida masjidlarni va diniy obidalarni tizimli ravishda yo’q qilmoqda.

Tadqiqotga ko’ra, birgina Koshg’ar shahrining o’zida masjidlarning 70 foizi buzib tashlangan. Uch oy ichida 5000 dan ortiq ibodat maskani yo’q qilingan.

Xo'tan Iydgoh masjidi minoralarining "Google" xaritasida buzilishdan avvalgi va keyingi ko'rinishi

Xitoy hukumati bu ma’lumotlarni inkor etmaydi. Rasmiylar da’vosiga ko’ra, masjidlar keragidan ortiq ekani va binolar qurilishi xavfsizlik talablariga mos emasligi hamda eskirgani bois buzilish holatlari yuz bergan.

Bir necha yuz yillik tarixga ega qadimiy masjidlar ham buzilishlarga yuz tutgan.

Keriya Iydgoh masjidining "Google" xaritasida buzilishdan avvalgi va keyingi ko'rinishi

Nafaqat ibodatxonalar, balki ulkan madaniy va tarixiy qiymatga ega bebaho obidalar ham yo’q qilingan, deb yozadi hisobot muallifi Bahrom Sintash.

Uning aytishicha, nafaqat masjidlar, balki qabristonlar, islomiy arxitektura uslubida qurilgan binolar, do’konlar va boshqa inshootlar ham buzilishlarga yuz tutgan.

Ko’plab binolarning islomiy uslubdagi minoralari olib tashlangan.

Bugun Xitoy ichidan ma’lumot olishning imkoni yo’q, deydi tadqiqotchilar. Hisobotdagi ma’lumotlar xorijga chiqib ketgan uyg’urlar bilan o’tkazilgan suhbatlar, amaldagi tazyiq siyosati boshlanmasdan avval o'tkazilgan tadqiqotlar hamda “Google” xaritasi orqali olingan tasvirlar yordamida to’plangan.

Hisobotda yozilishicha, masjidlarni buzish harakati 2016-yilda, uyg’urlar va boshqa ozchilik etnik musulmon xalqlarni yoppasiga hibsga olish kampaniyasi bilan bir paytda boshlangan.

Hisobot mualliflarining qayd etishicha, Shinjon viloyatida islomni xitoylashtirish siyosati ketmoqda.

Shu maqsadda islomiy uslubdagi arxitekrura yodgorliklari qayta rekonstruksiya qilinib, ularning o’rnida xitoy uslubidagi inshootlar paydo bo’lmoqda, deydi Uyg’ur Inson huquqlari loyihasi rahbari Umar Qanot.

Your browser doesn’t support HTML5

Umar Qanot: Xitoy hukumati masjidlarni buzmoqda

U musulmon dunyosini, xususan, turkiy davlatlarni bu masalada Xitoy hukumatiga o’z e’tirozlarini bildirishga chaqiradi.

“Mayli, Xitoy bilan aloqangizni buzmang, lekin islomiy madaniyat bizning ham bir parchamiz, buni yo’q qila olmaysiz, deb ayting”, - deydi Umar Qanot “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Shinjon Uyg’ur avtonom viloyatida uzoq yillar tadiqot olib borgan amerikalik olima Elis Andersonning aytishicha, Xitoy hukumati islomdan qo’rqadi. Masjidlarni buzish orqali hukumat uyg’ur xalqini o’zligidan ayrimoqchi; ammo ular bunga erisha olmaydi, deydi u.

Uyg’urlar masalasida xalqaro hamjamiyat Xitoyga bosimni oshirib kelayotganiga qaramay, mavjud repressiv siyosat o’zgargani yo’q, deydi Anderson.

Your browser doesn’t support HTML5

Tadqiqotchi: Xitoy hukumati islom dinidan qo'rqadi

Hisobot so’ngida mualliflar xalqaro hamjamiyatni aynan masjidlar buzilishi masalasida Xitoy hukumatini keskin qoralashga va o’zaro muloqotlarda diniy erkinlik masalasini alohida tilga olishga chaqiradi.

Unda Xitoy hukumatiga ham to'g'ridan to'g'ri murojaat qilinadi. Masjidlarni buzishni bas qiling va shu paytgacha yakson qilinganari uchun tovon puli to'lang, deydi mualliflar.