25 yil oldin ayollar harbiy samolyot va tanklarni boshqarishi mumkin bo’lmagan. Shunga qaramay, AQSh armiyasi tarixida ayollarning o’rni katta. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan Libbi Xeynes ulardan biri.
Xeynes 92 yoshda. 75 yil avval samolyotlarga mehr qo’ygan. 17 yoshida onasi tug’ilgan kuniga 10 dollar hadya qilganida, pulni nimaga ishlatishni u yaxshi bilardi.
“Uchuvchilik darsiga borganman. 6 dollarga bir soat samolyotni ijaraga olganman. Uch dollarni instruktorga to’lab, bir dollarga daftar sotib olganman”, - deya xotirlaydi u.
Libbi 1945-yil Fuqarolik aviatsiyasi dasturini tamomlab, hamshira bo’lib ishga kiradi. Lekin tez orada yana uchish orzusiga qaytadi.
“Havo kuchlariga qo’shilish mening taqdirimga bitilgan edi. Buni ilohiy chorlov deymizmi, xullas, bu hayotimda men qabul qilgan eng yaxshi qaror bo’lgan”, - deydi u.
AQSh armiyasi 1972-yilgacha ayollarni qabul qilmagan. Bungacha Xeynes aerograf bo’lib ishlaydi. Ayni paytda Fuqarolik aviatsiyasi patrulida uchib, dam olish kunlari uyiga qatnashi uchun shaxsiy samolyot ham sotib olgan.
“PG-23” samolyotini 500 dollarga sotib olganimda, o’rganuvchi pilot guvohnomasida edim. Ikki oylik maoshimga olganman”, - deydi u.
Ishi orqasidan bo’lajak turmush o’rtog’ini topdi. U ham pilot edi. Homilador bo’lganda, hamkasblaridan biri rahbariyatga xabar beradi va Xeynes ishidan ayriladi. Sobiq harbiy Marilla Kushmenning aytishicha, u payt homilador ayollar ishlashiga ruxsat berilmagan.
“Farzandlaringiz bo’lsa, oilali yoki oilasiz bo’lishingizdan qat’i nazar, homilador bo’lsangiz, ishdan bo’shashingiz shart edi”, - deydi u.
70-yillarda armiyaga qo’shilgan Kushmen ham o’zi xohlagandek xizmat qila olmagan.
“Yigitar qilayotgan ishlarni menga berishmaganidan hafsalam pir bo’lgan”, - deydi u.
1970-yillar o’rtasiga kelib qoidalar o’zgardi va ayollarga jangovar bo’lmagan samolyotlarda uchishga ruxsat berildi. Fors ko’rfazi urushidan so’ng bu cheklov ham olib tashlandi. Armiya ayollarga muhtoj ekanini tushundi, deydi Kushmen.
“Ayniqsa, terrorga qarshi global urush davrida ayollarni jalb qilishni boshladik. Ularni piyoda va maxsus qo’shinlarga qo’shdik, chunki Afg’oniston va Iroqqa kirib borishimiz bilan barcha jabhalarda ayollarga muhtoj ekanimizni tushundik”, - deya eslaydi sobiq harbiy.
Bugun AQSh harbiylarining 14 foizini ayollar tashkil qiladi. Bu kunlarga erishish uzoq vaqt oldi.
“Hamma bilsinki, harbiy formadagi ayollar ham ozodlik uchun kurashdi. Ularning jasorati oramizda turgan erkaklarnikidan kam emas”, - deydi Kushmen.
Bu faxriylar bugun ayollarning AQSh armiyasida tutgan mavqeidan xursand. Xeynes esa unga hech qachon cheklovlar xalaqit bermaganini aytadi.