Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) qoshidagi Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi O'zbekistonda 22-dekabrda o'tishi rejalangan parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarni kuzatadi. Hukumat bu tashkilot vakillarini rasman mamlakatga taklif qilgan. Oldingidek cheklangan ko'lamda emas, balki to'liq missiya amalga oshiriladi, deydi YXHT rasmiylari.
Bunday missiyalar YXHTning mamlakatdagi doimiy vakolatxonasidan alohida shakllanib, boshqa davlatlarda bo'lgani kabi saylov oldidan maxsus tuziladi.
Italyan siyosatdoni Tana de Zulueta boshchiligidagi 11 ekspert va 30 uzoq muddatli kuzatuvchi Toshkentda va mamlakat bo'ylab 3-dekabrdan ish boshlaydi. Bugun bu borada Toshkentda matbuot anjumani kechgan.
YXHTga a'zo davlatlardan yana 250 qisqa muddatli kuzatuvchi saylovdan bir necha kun oldin O'zbekistonga boradi. Ular ham respublikaning turli qismlaridan turib jarayonlarni o'rganadi.
Missiyadan maqsad - saylovlar O'zbekiston qonunchiligi, xalqaro qonunlar va YXHT talablariga qanchalik rioya qilingan holda tashkil etilganini va amalda qanday aks etayotganini tekshirish.
Missiya maqsadlariga ovoz beruvchilarni ro'yxatdan o'tkazish, saylovoldi targ'iboti, markaziy saylov komissiyasi hamda mahalliy komissiyalar faoliyatini o'rganish hamda boshqa tegishli organlar ishi va saylov bilan bog'liq kelishmovchiliklarni ko'zdan kechirish ham kiradi.
Xalqaro kuzatuvchilar mamlakat rahbariyati, siyosiy partiyalar liderlari va a'zolari, fuqaro jamiyati, matbuot va xorijiy diplomatlar bilan ham muloqot qiladi, tadbirlar uyushtiriladi.
Saylov kuni missiya vakillari ovoz berish markazlaridagi vaziyatni kuzatadi va ovozlar sanalishi hamda hisob-kitob jarayonini yaqindan tekshiradi.
YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi saylov ketidan o'zining ilk hisobotini taqdim etadi. Yakuniy hisobot esa saylovdan ikki oy o'tib e'lon qilinadi.