AQSh: Xitoy uyg'ur masjidlarini buzish orqali islomni yo'q qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Xitoyning, asosan, uyg'urlar yashovchi Qashqar shahrida buzilgan masjid

O'z ismi oshkor qilinishini istamagan AQSh rasmiysining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Xitoy Shinjon avtonom viloyatida masjidlarni va islomiy obidalarni buzish orqali ozchilik uyg'urlarning diniy e'tiqodini yo'q qilish niyatida.

Shu maqsadda Xitoy Kommunistik partiyasi ibodatxonalar va islomiy uslubda qurilgan binolarni buzish, ulardagi diniy belgilarni olib tashlash kampaniyasini olib bormoqda, deya qo'shimcha qildi u.

"Islomiy e'tiqodni yo'q qilishga urinish hamda musumonlarni "qayta tarbiyalash" harakati doirasida Pekin masjidlarni, diniy obidalarni, qabriston va boshqa islomiy inshootlarni yopgan yoki vayron qilgan", - deydi u.

"Ochiq qolishiga ruxsat berilgan masjidlardan ham minoralar, gumbazlar olib tashlangan hamda kameralar va xavfsizlik xodimlari tomonidan qattiq kuzatuv o'rnatilgan", - deya qo'shimcha qiladi rasmiy.

Ayni paytda Xitoy bu da'volarni inkor etadi.

Shinjon viloyatida 13 milliondan ortiq uyg'ur va boshqa ozchilik musulmon elatlar yashaydi. Faollarga ko'ra esa, aslida ular soni bundan ancha ko'p, chunki Xitoy uyg'urlar sonini kamaytirib ko'rsatishga urinadi.

Xitoy hukumati 2017-yildan boshlab uyg'urlarga nisbatan keskin zug'um siyosatini boshlaganlikda ayblanadi. Xitoy mafkurasiga sodiq emaslikda shubha ostiga olingan yoki dindor sifatida ko'rilgan musulmonlar yoppasiga "qayta tarbiyalash" lagerlariga jo'natila boshlandi.

Xalqaro hamjamiyat, xususan, BMT Xitoyning bu choralarini keskin tanqid qilib, lagerdagilarni zudlik bilan ozod qilishni talab qildi.

Uyg’ur Inson huquqlari loyihasi va Uyghurism.com sayti birgalikda chop etgan hisobotga ko’ra, Xitoy hukumati so’nggi yillarda Shinjon uyg’ur viloyatida masjidlarni va diniy obidalarni tizimli ravishda yo’q qilmoqda.

Tadqiqotga ko’ra, birgina Koshg’ar shahrining o’zida masjidlarning 70 foizi buzib tashlangan. Uch oy ichida 5000 dan ortiq ibodat maskani yo’q qilingan.

Xitoy hukumati bu ma’lumotlarni inkor etmaydi. Rasmiylar da’vosiga ko’ra, masjidlar keragidan ortiq ekani va binolar qurilishi xavfsizlik talablariga mos emasligi hamda eskirgani bois buzilish holatlari yuz bergan.

Bir necha yuz yillik tarixga ega qadimiy masjidlar ham buzilishlarga yuz tutgan.

BMT va boshqa xalqaro huquq tashkilotlari Xitoy hukumatini mintaqani mustaqil o'rganish uchun xorijlik guruhlarning mamlakatga kirishiga ruxsat bermaslikda ayblab keladi.

Shu hafta Buyuk Britaniya Pekinni BMT kuzatuvchilarini zudlik bilan mamlakatga kiritishga chaqirdi.