Ayrim kuzatuvchilar va siyosatchilar nazarida, AQSh qo’shinlarini Suriyadan chiqarishi va Turkiya bu mamlakatga qo’shin kiritishi ketidan usiz ham beqaror mintaqada vaziyat yanada yomonlashdi. Islom diniga mansub bo’lmagan kam sonli aholi “Islomiy davlat” jangari to’dasining qayta oyoqqa turishidan xavotirda. “Amerika Ovozi” Suriyada yashovchi armanlar bilan suhbatda bo’ldi.
11-noyabr kuni “Islomiy davlat” jangarilari Suriyaning Turkiya bilan chegarasida joylashgan, asosan, kurdlar yashovchi Qamishli shahrida mahalliy arman katolik cherkovi rahbari Xovsep Bedoyan va otasini otib ketgan. Ular Dayr az-Zo’r viloyatiga ketayotganda hujumga uchragan.
“Ruhoniy Xovsepni terrorchilar o’ldirishdi. Jazira mintaqasida yashovchi armanlar qayg’uda”, - dedi Levon Egeyan ismli boshqa ruhoniy.
Suriyadagi nasroniylarni “Islomiy davlat” to’dasi paydo bo’lishidan oldin ham turli jihodchi guruhlar kamsitib kelgan, ularning ishga joylashishi qiyin bo’lgan, ko’plari ketishga majbur bo’ldi.
Fuqarolar urushidan oldin soni ikki millionni tashkil etgan nasroniylardan bugunga kelib salkam 800 ming odam qolgan. Ular o’zlari kabi bo’lgan kam sonli guruhlar bilan til topishadi – shialar, alaviylar, druzlar bilan. Ularning hammasi urushda qiynalgan.
“Arablar bizni quchoq ochib kutib oldi va o’limdan saqlab qoldi. Boshqa jamoalar bilan aloqalarimiz yaxshi. Ammo hamma kabi urushdan biz ham jabr ko’rdik. Erdog’anning so’nggi hujumlari ham tinchimizni buzdi, ammo qo’rqqanimiz yo’q”, - deydi Hasaka viloyatida yashovchi Armen Nalbandyan.
Armanlar boshqa guruhlar bilan birlashib, turk hujumlarini qaytarishga urinmoqda.
“8 yildan beri jang qilaman. Qatliom takrorlanishini istamayman. Qattiq turamiz. Erdog’an nafaqat armanlarni, balki kurdlar, arablarni o’ldirish uchun keldi. Uning samolyotlaridan ham, ittifoqchilaridan ham qo’rqmaymiz”, - deydi ismini oshkor etishni istamagan arman jangarilaridan biri.