Afg'onistonda o'zbek qo'mondonini qo'lga olish amaliyoti o'tkazildi

Your browser doesn’t support HTML5

Afg’oniston hukumati bergan farmon asosida Faryob viloyatining Qaysor tumanida sobiq politsiya boshlig’i, o’zbek qo’mondoni Nizomiddin Qaysoriyni qo’lga olish uchun harbiy amaliyot o’tkazilgan. Ikki tomon o’rtasida og’ir va yengil qurollar ishtirokida otishma yuz bergan.

Operatsiya natijasida Qaysoriyning o’zi qo’lga olingani yo’q. Lekin uning yetti nafar qo’riqchisi jon bergan, 30-35 nafari asir olingan.

“Davlat bir tomonda xalqning nonini, ikkinchi tomonda jonini olmoqda. O’zaro otishmalarda tinch aholi jabrlanadi”, - deydi Muhammadjon ismli otaxon.

“Jang ikki kun davom etdi, lekin so’raydigan odam yo’q. Fuqarolarning uylari vayron bo’ldi”, - deydi Amonulloh ismli fuqaro.

“Otishmalar kechki payt boshlandi. Faqat bolalarimizni olib chiqishga muvaffaq bo’ldik, xolos”,- deydi Muhibulloh.

Balx viloyati politsiyasi boshlig’i otishma natijasida Nizomiddin Qaysoriy qo’riqchilari jon bergani, ularning bir nechtasi qo’lga olinganini bildirgan.

“Otishmalar natijasida Nizomiddin Qaysoriyning yetti nafar qo’riqchisi jon bergan, bir nafari yaralangan. 35 nafari asir olingan”,- deydi Balx politsiyasi boshlig’i Ajmal Foiz.

Balx politsiyasi Qaysoriyning uyida 200 nafar qurolli odamlar borligini iddao qilgan edi. Lekin o’lgan, yaralangan va qo’lga olinganlar jami 50 nafar atrofida ekani ma’lum bo’lgan.

Jang boshlanar ekan, “Milliy Junbish” partiyasi nizoni muzokara yo’li bilan hal qilishga uringan, lekin foyda bermagan.

“Qaysoriy bilan qurollarini topshirishi bo’yicha kelishgan edik. Lekin poytaxtdan urush to’xtatilishi haqida buyruq kelmadi”,- deydi “Milliy Junbish” partiyasi a’zosi doktor Inoyatulloh Bobur Farahmand.

O’zbek deputatlar Nizomiddin Qaysoriy uyiga uyushtirilgan hujumni qoralab, hodisa to’liq tekshirilishini so’rashgan.

“Qaysoriyning uyiga bomba tashlab, 11 nafarni halok qilishdi. Hukumatning bu ishi barcha qonunlarga zid”, - deydi xalq vakili Shafiqa Saxo Yo’lchi.

Hukumat Qaysoriyni odamlardan noqonuniy ravishda pul undirayotganlikda ayblamoqda. Deputatlar esa masalaga siyosiy baho berilganidan shikoyat qilishgan.

Otishmalar paytida jon berganlarning qarindoshlari Mozori sharifda norozilik namoyishi uyushtirib, jinoyatga qo’l urganlar jazolanishini so’ragan.