Rasmiylar: Afg'onistondagi strategiya ish bermayapti

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Senatida Amerikaning Afg’onistondagi faoliyati yuzasidan tinglov o’tkazildi. Qonunchilar AQSh ajratgan milliardlab dollar mablag’ behuda sarflanayotganidan xavotirda.

Afg’onistonni Qayta qurish bo’yicha maxsus bosh inspektor Jon Sopkoning aytishicha, oshkoralik yo’qligi bois AQShning Afg’onistondagi harakatlari natija bermayapti. Afg’on hukumatining noqobilligi va AQSh agentliklarining o’z xatolarini yashirishga urinishi buning sabablaridan biri, dedi u.

“Har safar salbiy taassurot uyg’otadigan nimadir yuz bersa, uni maxfiy ma’lumot sifatida yashirib qo’yishadi”, - dedi Sopko.

Natijada, deydi u, amerikaliklar va Kongress Afg’onistonda qilinayotgan ishlar haqida aniq tasavvurga ega bo’lolmayapti.

“Qayta tayyorgarlik qanday natija berayotgani haqida sizga ochiq ayta olmayman. Afg’on harbiylari uchun treningga 64 milliard dollar sarflangan, ammo siz va Amerika xalqiga buning hisobotini berolmayman, chunki Afg’oniston hukumati bu ma’lumotlarni maxfiy saqlashiga ruxsat berib qo’yganmiz”, - dedi Afg’onistonni Qayta qurish bo’yicha maxsus bosh inspektor.

Bush ma’muriyati davrida davlat kotibining Janubiy Osiyo bo’yicha yordamchisi bo’lib ishlagan Richard Baucherning aytishicha, Afg’onistondagi voqeliklarni xato qabul qilish asosida barqaror boshqaruvni ta’minlashga qaratilgan strategiya xato bo’lgan.

“Umuman olganda, biz eplolmadik va hanuz eplay olmayapmiz. Chunki Afg’oniston hukumatini xalqqa foydasi tegadigan hukumatga aylantira olmadik”, - dedi u.

Baucherga ko’ra, Afg’oniston tajribasi terrorga qarshi kurashda muhim saboq bo’ldi.

“Harbiy quvvatlovga ega diplomatiya bilan yetakchilik qilishimiz kerak, teskarisi emas. Eng muhimi, yetakchilik qila olish uchun diplomatiyaga yetarli mablag’ ajratish kerak”, - dedi u.

Sobiq diplomat fikricha, Afg’onistondagi harbiy missiyani tugatish fursati keldi.

“Menimcha, endi uyga qaytish kerak”, - dedi u.

Oq uy uchun saylov poygasi qizib borar ekan, Afg’onistondagi urushni tugatishga chaqiriqlar ko’paymoqda.

Xalqqa yillik murojaatida Prezident Donald Tramp Yaqin Sharqdagi urushlarni tugatishga ham va’da berdi.

Bu orada AQSh Senati Prezident Trampning Kongress ruxsatisiz Eronga harbiy chora qo’llashini taqiqlovchi rezolyutsiyaga ovoz berishi kutilyapti. Iroqda Eron generali Qosim Sulaymoniy AQSh droni tomonidan o’ldirilgach, mintaqada yana bir urush kelib chiqishi xavfi oshgan edi.

Senatdagi respublikachilar sardori Mitch Makkonel senatorlarni rezolyutsiyaga qarshi ovoz berishga chaqirdi. Uning aytishicha, hujjat favqulodda holatlarda AQShning harbiy chora ko’rish imkoniyatini cheklab qo’yadi.