"Au Pair" madaniy almashinuv dasturidan hamma rozimi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda bolalarni bog’chaga berish juda serxarajat. Bir yilda 35 ming dollar yoki undan ko’pga tushadi. Shu bois minglab oilalar AQSh Davlat departamentining “Au pair” dasturidan foydalanadi. Bu dastur asosida xorijlik yoshlar Amerikadagi oilalar bilan yashab, ozgina haq evaziga ularning yosh farzandlariga qaraydi. Bu har ikki tomon uchun foydali, ammo dasturning o’ziga xos muammolari ham bor.

Ikki o’g’ilning onasi Gitika Kol Merilend shtatida yashaydi. 2015-yildan beri “Au Pair” dasturida qatnashadi.

“Oilamizga “Au Pair” dasturi juda mos ekanining bir nechta sababi bor. Ulardan biri madaniy almashinuv imkoniyati. Shuningdek, u ancha hamyonbop”, - deydi u.

Meksikalik 23 yoshli Katerin Rodrigez “Au Pair” dasturi asosida Kolning xonadonida yashaydi.

“Bu dasturni yaxshi ko’raman. Bolalar bilan vaqt o’tkazish jonu dilim va ingliz tilimni yaxshilashni xohlayman. Buni amalga oshirishning eng yaxshi yo’li shu”, - deydi u.

Katerin va boshqa u kabi dastur ishtirokchilari madaniy almashinuv vizasi asosida bir yil AQShda yashaydi. Bir kunda 10 soatgacha yoki haftasiga 45 soat ishlashadi. Bir oyda ikki kun, bir yilda esa ikki haftalik ta’til olishadi.

“Bolalarimning kiyimlarini yuvadi. Ertalab nonushtasini, tushligini tayyorlab beradi. Kichik o’g’limni maktabga tashlab keladi. Katta o’g’limni maktabdan olib o’yinlarga, kutubxonaga olib boradi. Cho’miltiradi, kechki ovqatini tayyorlaydi. Ba’zan haftada ikki marta butun oila uchun ovqat pishirishi mumkin”, - deydi Kol.

Bularning barchasi uchun oila Kateringa har hafta 196 dollar to’laydi; ta’lim uchun yana 500 dollar ajratadi.

Ammo bu kam, deydi dastur ishtirokchilari. Transport va shaxsiy xarajatlar uchun ko’p pul sarflashga to’g’ri keladi.

Katerin ba’zan Meksikadagi oilasidan ham pul so’raydi.

Tanqidchilar dasturni qayta ko’rib chiqish kerak, degan fikrda.

“Amerikada bolaga qarash tizimidagi inqiroz arzon migrant ishchilarni ekspluatatsiya qilishga sabab bo’lmasligi kerak. Tizimni yaxshilab, ishchilar yaxshi haq bilan ta’minlanishi kerak”, - deydi tahlilchi Daniel Kosta.

“Au Pair” dasturini yurituvchi tashkilotlar bu fikrga qo’shilmaydi. O’tgan yili ular ishchilarga kam haq to’langani ustidan qo’zg’atilgan sud ishini yopish uchun 65 million dollar to’lashga rozi bo’ldi.

“Au Pair” qatnashchilari soatiga eng kam federal ish haqi, ya’ni 7,25 dollar oladi. Buning 40 foizi yashash va oziq-ovqat uchun ushlab qolinadi. Demak, ularning qo’liga soatiga faqat 4,35 dollar tegadi.

Gitika Kol kabi ota-onalar dasturdan minnatdor. Uning aytishicha, oilalar ischilarga boshqa yo’llar bilan qo’shimcha yordam beradi.

“Biz so’ralgandan ko’ra ko’proq ularga g’amxo’rlik qilamiz, chunki ularni sevamiz. Ularning xursand va yaxshi taassurot bilan ketishlarini xohlaymiz. Bu faqat ish emas, balki hayot tarzi. Ikkala tomon uchun ham foydali”, - deydi Kol.

Katerinni Kol oilasi uchun topib bergan tashkilotning aytishicha, oilalar dastur qatnashchisiga, xohlasa, ko’proq haq to’lashi mumkin.

Ammo bu haqda ishtirokchilarda yetarli ma’lumot yo’q. O’tgan yili yuz bergan sud ishi ortidan tashkilotlar endi bu haqda tomonlarga oldindan ma’lumot berishga majbur.

Massachusets federal sudi yaqinda “Au Pair’ qatnashchilariga shtatdagi minimum ish haqini to’lashni buyurdi. Bu soatiga 12,75 dollarni tashkil qiladi.

Dasturning ko’plab qatnashchilari kabi Katerin ham AQShdagi hayotidan mamnun va ish haqining kamligi haqida ochiq shikoyat qilmaydi. Chunki uning asosiy maqsadi pul topish emas, balki madaniy tajriba orttirishdir.