Hozirda AQSh Kongressida ayollar soni har qachongidan ko’p. Vakillar palatasida jami 435 ta o’rinning 25,5 foizi ayollarga tegishli. Senatda esa jami 100 ta senatordan 26 tasi ayol. Turli shtatlarning qonun chiqaruvchi organlarida faoliyat yuritayotgan ayollar ko’rsatkichi esa 28,7 foizni tashkil etadi.
Shunday bo’lsa-da, AQSh yuqori lavozimlarda ishlayotgan ayollar soni bo’yicha dunyoda yetakchilik qilmaydi. Parlamentlararo ittifoq ma’lumotlariga ko’ra, AQSh bu ko’rsatkich bo’yicha 193 mamlakat ichida 76-o’rinda turadi.
Bugun AQSh prezidentligiga nomzod bo’lish uchun kurashayotganlar orasida ikki ayol bor - senatorlar Eymi Klobushar va Elizabet Uorren. Ikki shtatda olgan ovozlari bo’yicha ular 3 va 4-o’rinda ketyapti. Har ikkisiga, deydi kuzatuvchilar, oliy qo’mondon bo’lish uchun erkaklardan farqli ko’z bilan qaralishi turgan gap.
Sobiq senator Heydi Heitkampning aytishicha, ayol nomzodalar nafaqat global yoki mamlakat doirasidagi muhim siyosiy mavzular, balki jamiyatda har bir oila duch keladigan kichik muammolar - maktabgacha ta’lim, pullik oilaviy ta’til, pensiya ta’minoti singari masalalarni ham ko’tarib chiqadi. Ular, odatda, erkaklar tomonidan o’rtaga tashlanmaydigan oila zo’ravonligi, jinsiy tegajoqlik, harbiy xizmatdagi ayollarning jinsiy kamsitilishi singari mavzularni ham muhokama qiladi.
“Siyosiy sahnada juda ko’plab mavzular ko’tarilyapti. Agar sahnada siyosatchi ayol bo’lmasa, ular balki umuman tilga olinmagan bo’lardi”, - deydi Heitkamp.
Meriland shtatidan sobiq senator Barbara Mikulskiga ko’ra esa, “ayol liderlardan nafaqat makroiqtisodiyot, balki ro’zg’or bilan bog’liq oddiygina mavzular ham nazardan chetda qolmaydi”.
“Ayollar tabiatan murosa qilishga moyil. Ular yechim topishga intiladi, - deydi respublikachi faol Ariel Hill Davis. – Senatdagi ayollarga nazar solsangiz, ularning hamkorlikda ishlashini ko’rasiz. Nuqtai nazari turlicha bo’lishi mumkin, lekin zarur joyda bir-birini qo’llab-quvvatlaydi”.
2015-yilda o’tkazilgan izlanish shuni ko’rsatganki, erkak hamkasblariga nisbatan ayol senatorlar o’zaro hamkorlikda ko’proq ishlaydi, qarama-qarshi tomon bilan til topisha oladi va qonunlarni ishlab chiqishda ham faolroq.
Respublikachilar Milliy qo’mitasi sobiq rahbari Maykl Stilning aytishicha, ayollar muammolarga erkaklardan ko’ra boshqacha, bosiqlik bilan yondashadi.
“Siyosatda esa bu juda muhim. Siyosatda qiziqqonlik bilan hamma narsani barbod etish yaramaydi”, - deydi u.