5-mart kuni Moskva shahrida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an va Rossiya rahbari Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Tomonlar zudlik bilan hal etishi kerak bo‘lgan muhim masala bor – Idlibdagi vaziyat. Erdog‘an mazkur uchrashuvda Idlibda o‘t ochishni to‘xtatishga erishilishiga umid qilmoqda.
O‘tgan hafta Suriya armiyasining Idlib viloyatidagi hujumlari oqibatida 36 nafar turkiyalik askar halok bo‘ldi. Shundan so‘ng turk armiyasi Suriyada “Bahor qalqoni” nomli harbiy amaliyot boshladi. Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akar yakshanba kungi bayonotida amaliyot 27-fevraldan beri muvaffaqiyatli davom etayotganini aytar ekan, Suriya armiyasiga yetkazilgan talafotlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Kecha Turkiyaning "F-16" qiruvchi samolyotlari Suriyaga qarashli ikkita Su-24 harbiy samolyotini urib tushirgan. Suriyalik uchuvchilar parashutdan sakrashga ulgurib qolgan. Bundan tashqari, Halab viloyatidagi harbiy aerodrom vayronaga aylantirilgan, harbiy texnika yo‘q qilingan.
Turkiya Suriyadagi harbiy amaliyotini BMT nizomining 51-moddasi (o‘zini-o‘zi mudofaa qilish) hamda Adana, Ostona va Sochi memorandumlari bilan asoslamoqda.
“Bahor qalqoni” turk armiyasining 2016-yildan beri Suriya hududida uysuhtirgan to‘rtinchi harbiy amaliyotidir. Anqara Suriyadan Idlibdagi hujumlarini to‘xtatishni va deeskalatsiya hududidan tashqariga chekinishni talab qilib, Damashqqa fevralning oxirigicha muddat bergan edi. Biroq Suriya armiyasi Idlibni qo‘lga kiritish uchun harakatlarini to‘xtatmadi.
Rossiya bilan kelishuv doirasida Idlibda Turkiyaning 12 ta kuzatuv punkti tashkil etilgan. Anqara hududning kurd jangarilaridan xoli bo‘lishini hamda Idlibda xavfsiz hudud barpo etilishini istaydi. Anqaraning maqsadi – Turkiyadagi suriyalik qochqinlarning bir qismini bu yerga olib kelish.
O‘z rejalarini amalga oshirishni istar ekan, Anqara ayni paytda Idlibdagi vaziyat tufayli Moskva bilan ziddiyatga bormoqchi emas.
“Kuzatib borayotganingizdek, Rossiya bilan muzokaralarimiz davom etmoqda. Hozirgi bosqichda Rossiyadan kutayotganimiz uning kafolatchi davlat sifatida majburiyatlarini bajarishi, bu doirada Suriya qo‘shinlari hujumlarining to‘xtatilishi va bu qo‘shinlarning Sochi memorandumida belgilangan chegaralardan chekinishi uchun Suriya hukumatiga ta’sir o‘tkazishidir. Rossiya bilan ziddiyatga borish niyatimiz ham, maqsadimiz ham yo‘q. Bizning u yerdagi (Suriyadagi) yagona maqsadimiz – Suriya hukumatining qatliomini to‘xtatish, shu tariqa radikallashuv va migratsiyaning oldini olishdir. Ochiq aytiladigan bo‘lsa, kafolatchi davlat sifatida (Rossiya tomonidan) “Suriya armiyasining hujumlari uchun mas’ul emasmiz” degan bayonotni qabul qilish mumkin deb hisoblamaymiz. Kafolatchi davlatlar sifatida taranglikning kamaytirilishi borasida hamfikr bo‘lish bilan birga Sochi memorandumining barcha shartlari bajarilishi uchun barcha tomonlar iloji boricha harakat qilishi zarur”, – dedi Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akar.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mahalliy axborot agentliklaridan biriga bergan intervyusida Rossiyaning hech kim bilan urushish niyati yo‘qligini aytdi.
“Biz hech kim bilan urushmoqchi emasmiz. Lekin mudofaa sohasida shunday vaziyatni yuzaga keltiryapmizki, hech kim biz bilan urushishni xayoliga keltirmaydi”, – dedi u Rossiyaning harbiy sohadagi ustunliklari haqida gapirayotib.
Turkiya Rossiyadan tashqari AQSh bilan ham Suriya masalasini muhokama qilmoqda. 2-mart kuni AQSh delegatsiyasi Anqaraga kelishi kutilmoqda. Delegatsiya tarkibida AQShning BMTdagi doimiy vakili Kelli Kraft va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Jeyms Jeffri bor.
“Darvozalar ochildi, nasibangizni olasiz”
Turk askarlarining Suriyada hujumga uchrashi ortidan Anqara bundan buyon Yevropaga borishni istagan qochqinlarni to‘xtatib qolmasligini ma’lum qildi. Buning ortidan minglab qochoqlarning Yevropa, xususan, Gretsiya chegarasi tomon harakatlanishi kuchaydi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Anqarada nodavlat tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvda qochqinlar masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, Turkiyada qariyb 4 million qochqin bor va chegarada yana 1,5 million odam yig‘ilgan. Anqaraning qochqinlar masalasidagi murojaatlarini Yevropa e’tiborsiz qoldirdi, dedi Erdog'an.
“Darvozalarni ochishimiz bilan ketma-ket qo‘ng‘iroqlar kela boshladi. “Darvozalarni yopinglar”, deyishdi. Darvozalar ochilib bo‘ldi. Endi sizlar ham bu yukdan nasibangizni olasiz”, – dedi Turkiya rahbari.
Turk rasmiylari Turkiya orqali Yevropa hududiga o‘tgan qochqinlar soni 117 mingdan oshganini aytmoqda.
Ayni paytda Gretsiya politsiyasi chegarada shay turibdi va qochqinlarning o‘tishiga to‘sqinlik qilmoqda, politsiyachilar va qochqinlar o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatilmoqda. Gretsiya hukumati noqonuniy yo‘llar bilan o‘tgan qochqinlar ortga qaytarib yuborilishi haqida ogohlantirdi.
Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel ertaga, 3-mart kuni Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bilan grek-turk chegarasiga borib, vaziyat bilan shaxsan tanishadi.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyli Yevropaga o‘tishni istagan qochqinlarga grek politsiyasi keskin qarshilik qilayotganini tanqid ostiga oldi. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyatni mintaqadagi migratsiya inqiroziga loqaydlikda aybladi.