Neft narxi tushishi ortidan moliyaviy bozorlar katta yo'qotishga uchradi

  • Amerika Ovozi

Jahon bozorida neft bahosi keskin tushib ketdi. Bu oddiy odamlarga manzur bo’lmoqda, biroq, deydi mutaxassislar, neftdan yetarlicha daromad olmaslik uzoq muddatda dunyo iqtisodiyotiga zarar qiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 10-mart, 2020-yil

Neftni ishlab chiqaruvchi davlatlar tashkiloti OPEK Rossiya bilan ishlab chiqarish hajmini kamaytirishga kelisha olmagach, tashkilotda yetakchi mavqega ega Saudiya Arabistoni neft ishlab chiqarish sur’atini kuchaytirib, narxlarni ancha pasaytirib yubordi. Ba’zi ekspertlar qirollik va Rossiya o’rtasida neft urushi boshlanganini aytdi.

“Ishlab chiqarish ko’payib, bozorda neftga taklif oshib ketdi, talab esa past”, - deydi Xalqaro energetika agentligidan Fotih Bilol.

Neftning arzonlashishi aksiyalar bahosini ham keskin tushirib yubordi, Rossiya rubli 9 foizga qadrsizlandi.

“Ruslar bu ishga uzoq muddatli strategiyani ko’zlab qo’l urgan. Qisqa muddatda neftning arzonlashishi ularga zarar qilishi mumkin, biroq uzoq muddatda AQSh slanets neftini ishlab chiqarayotgan kompaniyalarga moliyaviy zarba yetkazmoqchi”, - deydi “Macro-Advisory” konsalting kompaniyasidan Tom Adshed.

Unga ko’ra, Rossiya hozirgi zararlarni qoplash uchun yetarlicha zaxira jamlab olgan.

“Milliy farovonlik jamg’armasida bunday vaziyatlar uchun 150 milliard rubl ["Amerika Ovozi"dan: Aslida Rossiya Milliy farovonlik fondidagi jamg'arma qiymati 111 milliard dollar atrofida] to’planib qolgan. Jamg’arma aynan neft narxlari tushishini hisobga olib yaratilgan”, - deydi mutaxassis.

Boshqa tahlilchilar fikricha, bu yili neftga talab va iste’mol past bo’ladi, chunki ko’p odamlar koronavirus tarqalishi sabab uyda o’tirishga majbur bo’ladi.

Epidemiyaning kuchayishi birjalarni vahimaga solib, aksiyalar bahosi keskin tushib ketdi, iqtisodiy tanazzul ehtimoli oshmoqda.