Afg’onistonda Ashraf G’ani prezident deya e’lon qilinishi ortidan uning asosiy raqibi Abdulla Abdulla saylov natijalarini tan olmay, o’z hukumatini tashkil qilishga urinmoqda. G’ani va Abdullaning har ikkisi o’zini prezident deb e’lon qilib, bir kunda qasamyod keltirdi.
Mamlakatda ikki qasamyod marosimi o’tkazilganidan AQSh xavotirda. AQShning Afg’oniston sulhi bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod siyosiy tortishuvlar Tolibon bilan muzokaralarga salbiy ta’sir qilish mumkinligidan tashvishda.
Zalmay Xalilzodga ko’ra, AQSh Ashraf G’anini Afg’oniston prezidenti sifatida qabul qilgan lekin, Abdullani ham hukumatga qo’shish shart.
“AQSh Abdulla Abdulla ishtirok etadigan hukumatni qo’llab-quvvatlaydi”,- dedi Xalilzod.
Ayni damda Zalmay Xalilzod G’ani va Abdulla bilan muntazam ravishda muloqot o’tkazmoqda. Maqsad nizoga siyosiy yechim topish.
Kuzatuvchilar nazarida Ashraf G’ani yangi hukumatda Abdullaga ulush bermasdan iloji yo’q.
Tahlilchi Kozim Aminiyning aytishicha, tomonlar maxfiy muzokaralarda qudratni bo’lishish masalasida bahslashmoqda.
“Afg’onistondagi asosiy mummo mamlakatdagi adolatsizlik va tengsizlikka borib taqaladi. Ko’pchilik-ozchilik masalasidagi muammolar hal qilinmaguncha jiddiy siyosiy nizolar chiqib turadi”, - deydi u.
“Raqiblar bir-birini zaiflashtirishga urinmoqda”, - deya qo’shimcha qiladi Aminiy.
Uning nazarida vaziyat kun o’tishi bilan og’irlashib bormoqda. Bir necha davlatlar Ashraf G’anini prezident sifatida tan olgan bo’lsa-da, mintaqaning ko’p davlatlari hech narsa demayapti.
“Afg’onistondagi muammolar jahon va mintaqadagi vaziyat bilan bog’liq”, - deydi u.
Suhbatdoshga ko’ra, Ashraf G’anini tabriklamayotgan ayrim davlatlar Abdulla Abdullaga yon bosayotgan bo’lishi mumkin.
Abdulla bir necha viloyatlar uchun yangi hokimlar tayinladi. Yana bir qancha viloyatlar uchun boshqa hokimlar tayinlash ustida ishlamoqda.
O’zini “barcha qatlsmlarni o’z ichiga olgan hukumat” prezidenti deb e’lon qilayotgan Abdulla o’z hukumati tarkibini ham ma’lum qilmoqchi edi, lekin tomonlar o’rtasida o’tkazilayotgan muzokalar ushbu jarayon to’xtatilishiga sabab bo’lgan.
Agar G’ani va Abdulla kelisha olmasa, ikkalasi o’z hukumatlarini davom ettiradi.
Tahlilchi Kozim Aminiy AQSh va xalqaro hamjamiyatning Afg’oniston mummaosiga yondashuvini tanqid qildi.
“AQSh Afg’onistonga kelganidan beri ko’p sonda talafot ko’rgan. Ayni damda Tolibonni tan olishi, Afg’onistonni mavhum bir kelajak bilan tark etishi urushlar natijasiz yakunlanganini ko’rsatadi”,- deydi Aminiy.
Agar hozirgi muammolar tez orada hal qilinmasa, ichki urushlar boshlanishi mumkin, deydi kuzatuvchilar. Nizolar kuchayadigan bo’lsa, uni hal qilish juda mushkul. Tortishuvlar minglab odamlar umriga zomin bo’lishi mumkin.
Ashraf G’ani siyosiy qudratiga tayanayotgan bo’lsa, Abdulla Abdulla oritda ko’zga ko’rinarli darajada harbiy kuchga ega guruhlar turibdi.