AQSh Afg’onistonda bir-biri bilan kurashayotgan tomonlarni o’zaro til topishib, kelishilgandek, qamoqdagi mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi.
Tinchlik bo’yicha AQSh elchisi Zalmay Xalilzod Tolibon bilan kelishilgan bitimning navbatdagi bosqichlarini amalga oshirish sust kechayotgani yuzasidan “Twitter”da o’z noroziligini bildirdi.
“Har ikki tomon va’da berganiga qaramay, shu paytgacha hech bir mahbus ozod qilinmadi”, - dedi u.
“Mahbuslarni ozod qilish payti keldi”, - deya qo’shimcha qildi u.
Bitimga ko’ra, Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani 5000 tolibni Tolibon qo’lidagi 1000 mahbus qo’yib yuborilishi evaziga ozod qilishi kerak edi. Bu ish 10-martgacha amalga oshirilishi va shu kundan boshlab Tolibon va hukumat o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri muloqot boshlanishi rejalangan edi.
Kelishuv ijrosining kechikishi rasmiy Kobulga bog’liq ekani aytilmoqda. Chunki AQSh-Tolibon muloqotida Afg’oniston hukumati taraflardan biri sifatida ishtirok etmagan.
Mahbus almashish sharti
O’tgan hafta G’ani 1500 mahbusni shartli ozod qilishga rozi bo’ldi. Uning aytishicha, Tolibon zo’ravonlikni kamaytirib, tinchlik muloqotini boshlasa, mahbuslaring qolgan qismi guruh-guruh bo’lib ozod qilinadi.
Milliy xavfsizlik bo’yicha Afg’oniston maslahatchisi idorasi mahbuslar almashish bo’yicha Xalilzod chaqirig’ini rad etib, Kobul o’z qarashini o’zgartirmasligini bildirdi.
“Tolibon afg’onlarni o’ldirishni bas qilib, ozod qilinganlar yana urushga qaytmasligining kafolatini berishi kerak. Ular zo’ravonlikni to’xtatib, sharafli tinchlikka qaytishi kerak- dedi idora so’zlovchisi Javid Faysal.
Xalilzodning aytishicha, AQSh har ikki tomon o’zaro kelishuvga erishib, tinchlik sari yurishida yordam berishni davom ettiradi
“Tolibon ozod qilinganlar jang maydoniga qaytmasligiga so’z bergan. Bu shartning buzilishi tinchlik jarayoniga rahna soladi”, - dedi u.
Vashington o’tgan hafta AQShdagi 13 ming kishilik qo’shinini 8600 ga tushirish jarayonini boshladi.
Tramp ma’muriyati 14 oy ichida Afg’onistondan barcha xalqaro kuchlar chiqib ketishiga va’da bergan. Buning evaziga Tolibon Afg’oniston hududidan AQShga qarshi terror amaliyotlari sodir etilmasligiga kafolat beradi.
Koronavirus muammosi
Xalilzodning so’nggi bayonoti Afg’onistonda koronavirusga chalinganlar soni 20 dan oshgan bir paytga to’g’ri keldi.
“Koronavirus mahbuslarni ozod qilish zaruratini yanada kuchaytiradi”, - dedi Xalilzod.
Unga ko’ra, pandemiya va sayohat qilish cheklangan hozirgi davr mahbuslarni o’zaro ayriboshlash uchun ayni muddao.
“Allohning taqdiri”
Afg’oniston rasmiylari mamlakatda virusga chalinganlar soni aslida yanada ko’proq bo’lishi mumkinligini aytmoqda. Tes vositalari va davolanish muassasalarining yetishmasligi vaziyatni yanada og’irlashtiradi.
16-mart kuni Hirot viloyatidagi kasalxonadan karantinda saqlangan 38 kishi qarindoshlari yordamida qochib ketgan. Ulardan birida koronavirus aniqlangan.
Tolibon koronavirus bo’yicha bayonot chiqarib, kasallikni “Allohning taqdiri” deb atadi. Unga ko’ra, virus bandalarning gunohlari va itoatsizligi yoki boshqa sabablar tufayli Alloh tomonidan yuborilgan.
Isyonchi guruh ayni paytda aholini sog’liqni saqlash bo’yicha mutaxassislar tavisyalariga rioya qilishga va ehtiyot choralarini ko’rishga chaqirdi.
Siyosiy inqiroz
Kuzatuvchilarga ko’ra, Afg’oniston tinchlik muloqoti oldidagi to’ganoq faqat mahbuslar ayriboshlash muammosi emas.
28-sentabr kuni o’tkazilgan prezidentlik saylovi natijalariga oid bahs Kobul hukumati oyog’iga tushov bo’lmoqda.
O’tgan oy oxirida Saylov komissiyasi amaldagi Prezident Ashraf G’ani g’olib chiqqanini e’lon qilishiga qaramay, uning raqibi Abdulla Abdulla natijani tan olmay, o’zini prezident deb e’lon qildi.
Mamlakatda yuz bergan siyosiy inqiroz Tolibon bilan muzokara o’tkazish uchun yagona guruhning shakllanishiga to’sqinlik qilmoqda. Xalilzod siyosiy inqirozning mamlakat xavfsizligi uchun halokatli ekani haqida ogohlantirib, har ikki tomonni o’zaro kelishishga undadi.