AQSh giyohvand moddalarga qarshi yangi texnologiyalarni qo'llamoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Hammaning e’tibori koronavirus pandemiyasiga qaratilgan bir paytda chegaradagi AQSh huquq-tartibot organlari xodimlari insoniyatning xavfli qotili – fentanil sun’iy giyohvandlik moddasiga qarshi kurashni davom ettirmoqda. Fentanil boshqa narkotik moddalardan ancha arzon, ammo geroindan yuz barobar kuchli. Har yili minglab amerikaliklar uning qurboniga aylanadi.

Kurashga jonivorlar ham jalb qilingan.

Chegaradagi trening markazida odamlar va itlar birga mashq qiladi. Nemo ismli it hid bilish qobiliyati orqali noqonuniy moddalarni topadi.

Fentanil AQShdagi eng xavfli sun’iy giyohvand modda. Chegara va bojxona xodimi Jessika Perounning aytishicha, Nemo uchun fentanilni aniqlash qiyin emas.

“Itga o’rgatiladigan boshqa istalgan hidlar bilan bir xil. Hidga o’rgatish uchun maxsus jarayondan o’tiladi. It uchun bu shunchaki yangi bir o’yin”, - deydi u.

Treninglarni boshqaruvchi Adrian Gureroning aytishicha, jonivorlarning hid bilish qobiliyati har doim uni hayratga soladi.

“To’g’ri joy va muhitga qo’yilsa, itning imkoniyatlari cheksiz”, - deydi u.

Xitoy va Meksikadan kelayotgan o’nlab tonna fentanil moddasini aniqlaydigan texnologiya yaratish mumkinmi?

Giyohvand moddalarni nazorat qilish bo’yicha Oq uy idorasi shunday yechimni topish uchun yarim million dollarlik konkurs o’tkazdi.

Boston yaqinidagi kompaniya taklif qilgan texnologiya g’olib deb e’lon qilindi.

“Detect 1000” deb nomlanadigan uch o’chamli rentgen skaneri allqachon portlovchi moddalarni aniqlashda ishlatiladi, deydi kompaniya rahbari Jefri Hamel.

“Aeroportlarda buni amalga oshirish uchun sun’iy intellektdan foydalanamiz. Portlovchi moddalarni aniqlashda ishlatiladigan algoritmlarni fentanil yoki boshqa giyohvand moddalarni topishga moslash mumkin”, - deydi u.

“Detect 1000” texnologiyasi timinsiz ishlay oladi. Unga ozuqa ham, tanaffus ham kerak emas.

“Kimdir giyohvand moddalarni maxsus xaltalarga solib, yashirin o’tkazishga urinsa, itlar va chegara xodimlari uni aniqlay olmasligi mumkin. Lekin moddalarning maxsus belgilariga moslashtirilgan texnologiyani alday olmaysiz; natija doim bir xil chiqadi”, - deydi kompaniya rahbari.

Fentanilni aniqlashga mo’ljallangan texnologiya keng joriy qilingan taqdirda ham, maxsus tayyorgarlikdan o’tgan itlar yaqin orada ishsiz qolmaydi. Ular hanuz boshqa noqonuniy moddalarni va ularni olib o’tayotgan odamlarni aniqlashda qo’l keladi.