Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida va AQShning Texas shtatidagi El-Paso shahrida yuz bergan xurujlar, ayniqsa, xalqaro miqyosda shov-shuvlarga sabab bo'ldi.
BMTning Terrorizmga qarshi qo'mitasi ijro rahbariyati chiqargan hisobotga ko'ra, vaziyat borgan sari yomonlashmoqda.
"O'ng qanot ekstremizmi yangi hodisa bo'lmasa ham, so'nggi paytda ularning hujumlari yanada halokatli va muntazam tus olmoqda", - deyiladi hisobotda.
BMTga a'zo davlatlar taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, zo'ravonlik holatlari kamayishi kutilmayapti. Yevropa, Shimoliy Amerika va Avstraliyada hujumlar soni ortishda davom etmoqda.
"So'nggi dalillarning ko'rsatishicha, shunday qarashdagi shaxslarning ham internetda, ham internetdan tashqarida aloqa o'rnatishi kuchaygan. Bunday aloqa o'ng qanot ektremist guruhlarning o'z taktikasini yaxshilab, huquq-tartibot idoralariga qarshi kurash salohiyatini kuchaytirib, global tarmoqlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda", - deyiladi BMT hujjatida.
Hisobot o'ng qanot guruhlar zo'ravonligi haqida Yevropa Ittifoqi va AQSh bildirib kelayotgan xavotirlarga mos keladi.
Yevropa Ittifoqida o'ng qanot ekstremizmi bilan aloqador hibsga olishlar 2017-yil 20 tadan, 2018-yil 44 taga oshgan. Regionda vaziyat yanada og'irlashishi kutilyapti.
"O'ng qanot ekstremist guruhlarning aksariyati zo'ravonlikka qo'l urmagan bo'lsa ham, ular ozchilik guruhlar orasida qo'rquv va dushmanlik muhitining paydo bo'lishiga hissa qo'shadi. Ksenofobiya, antisemitizm, islomofobiya va immigrantlarga qarshi kayfiyatga asoslangan bunday muhit ba'zi radikal shaxslarning zo'ravonlikka qo'l urishishga sharoit yaratib beradi", - deyiladi Yevropa Ittifoqi terrorizm bo'yicha 2019-yil e'lon qilgan hisobotda.
AQSh ham o'ng qanot ekstremizmi oshib borayotganidan xavotir bildirib, uning tahdid ko'lamini "Islomiy davlat" bilan bir qatorga qo'yadi.
"2018 va 2019-yillardagi mafkuraga asoslangan zo'ravonlik holatlarining barchasi irqiy va etnik qarashlardan ilhomlangan ekstremistlar tomonidan sodir etilgan. 2001-yildan beri bu eng halokatli mahalliy terrorizm manbasi", - deydi Federal Qidiruv byurori direktori Kristofer Rey fevral oyida qonunchilarga bergan hisobotida.
AQShdagi "Atomvaffen" diviziyasi hamda R.A.M kabi guruhlar Yevropa va Rossiyadagi hammaslak guruhlar bilan aloqa o'rnatayotgani haqida dalillar bor.
Qurol-aslaha olishga bo'lgan urinishlar, harbiy tajriba orttirish uchun Ukrainadagi qurolli guruhlarga qo'shilayotganlar haqida ham xabarlar mavjud.
BMT hisobotida ekstremist guruhlar internet va ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanayotgani ham aytiladi.