16 milliard dollar fermerlarning to'g'ridan-to'g'ri qo'liga boradi, qolgani esa biznesga yordam tariqasida, deya tushuntirdi Prezident Donald Tramp, 17-aprel kuni Oq uyda.
"Amerika qishloq xo'jaligi koronavirus pandemiyasidan ulkan zarar ko'rdi. Favqulodda holatda oziq-ovqat yetishtirib berayotgan sektor hammadan ham ko'proq yordamga muhtoj", - deydi Qishloq xo'jaligi vaziri Sonni Perdyu.
Vazirlik fermerlardan 3 milliard dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilib, ularni xayriya tashkilotlari, cherkovlar va yegulik omborxonalariga tarqatmoqda.
Ishsizlik keng quloch yozar ekan, bu dargohlardan madad izlab borayotgan amerikaliklar ham ko'paygan.
Bunday ko'mak ko'rsatilishi ortida qishloq xo'jaligi lobbichilari turibdi. Yetishtirish emas, asosan ta'minot tizimi sustlashdi. Natijada esa sut va go'sht mahsulotlari buzilib, katta miqdorda isrof bo'ldi.
Shimoliy Amerikadagi bir necha qoramol va cho'chqa go'shti bilan ishlaydigan kombinatlar yopilgan, chunki ishchilar orasida koronavirusga chalinganlar va vafot etganlar bor.
"Smithfield Foods", dunyodagi eng katta go'sht bizneslaridan biri, AQShdagi ishlab chiqarish tizimini to'xtatdi, chunki bir tomondan ishchilari kasallangan, ikkinchi tomondan esa mahsulotlariga talab misli ko'rilmagan darajada tushib ketgan.
Bu sanoatlarni qayta ochish uchun mablag' bor, deydi Prezident Tramp, xalq salomat bo'lsa, ishonch ham tiklanadi.