O’zbekistonda tarix va siyosat mavzusi qizg’in muhokamada. Bunga Toshkentni bosib olishda fidoyilik ko‘rsatgan chor Rossiyasi askarlari xotirasiga qo’yilgan yodgorlikning qayta ta'mirdan chiqarilgani sabab bo’lgan. Poytaxtda rasmiylar ishtirokida kutilgan tantanali ochilish marosimi karantin bois amalga oshmagan.
Ammo Toshkent shahar hokimiyati tomonidan qayta ta’mirdan chiqarilgan bu yodgorlik 21-apreldan omma uchun ochiq deb e’lon qilingan.
Turkiston qatag’onida qatnashgan chor Rossiyasi askarlari xotirasiga bag'ishlangan yodgorlikning ta'mirdan chiqarilgani jamoatchilikda keskin munozara qo’zg’adi.
XVIII asrga tegishli bu butxona Toshkent shahri ishg’ol qilinishi paytida halok bo’lgan rus askarlari xotirasiga qo’yilgan.
O’zbekiston hukumati o’tgan yili uzoq vaqt qarovsiz qolgan bu butxonani ta’mirlash va uni madaniy obida sifatida ro’yxatdan o’tkazish haqida qaror qabul qilgan edi.
Sharhlovchilar Turkiston qatag‘onida qatnashgan bosqinchi askarlar xotirasiga qo’yilgan bu butxona tiklanishini, ta’mirdan chiqarilishini siyosiy qaror, Toshkentdagi rahbariyatning Moskvaga ko’rsatayotgan iltifoti o’laroq baholashadi.
Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, yodgorlik ochilishi marosimini o’tkazish Rossiya parlamenti rahbari Valentina Matvienkoning o’tgan yili O’zbekistonga kuzatilgan tashrifi davomida rejalangan, ammo ta’mir ishlari nihoyasiga yetmagani bois qoldirilgan.
Obida ta’miri nihoyasiga yetishi ortidan rasmiylar ishtirokida rejalangan ochilish marosimi esa koronavirus tufayli joriy etilgan karantin choralari bois bekor qilingan.
Jamoatchilik Toshkent bosqinida qatnashgan askarlar xotirasiga qo’yilgan bu yodgorlikning ta’mirlana boshlanishini ham, ta’mirdan chiqib, ziyorat uchun ochilishini ham jiddiy munozaralar bilan kutib olayotgani kuzatiladi.
Toshkentlik bloger Sardor Salimga ko’ra, yodgorlik Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ko’rsatilayotgan alohida iltifot, ammo O’zbekiston hukumatining bu qadami chor Rossiyasi bosqinini oqlashdek taassurot uyg’otadi.
“Mirziyoyev hukumati faqat iqtisodga urg'u berib, qolgan masalalar, ayniqsa, tomorqada yetishtirib bo'lmaydigan tarix, til, din, mafkuraga e'tibor bermayapti. Hatto, bu masalalar bilan shug'ullanishni Rossiyaga topshirib yubordi desa ham bo'ladi”, - deydi bloger.
Toshkent shahar hokimiyati qarorida ko’rsatilishicha, mazkur butxona madaniy yodgorlik obidasi sifatida qayta tiklangan.