Gruziyada tug'ilgan isroillik milliarder G'azo sektoridagi surunkali suv inqiroziga yechim topganini aytmoqda.
Maykl Mirilashvili havodan ichimlik suvi ishlab chiqaradigan yuzlab generatorlarni Falastinning G’azo mintaqasiga yetkazib bermoqchi. Uning “Watergen” kompaniyasi o'tgan hafta XAMAS nazoratidagi anklavda joylaswhgan kasalxonaga ilk mashinani jo’natgan. Bu Isroil va Falastin o’rtasida kamdan-kam uchraydigan hamkorlik hisoblanadi.
2007-yil G’azoda boshqaruv XAMASga o’tgandan beri mintaqa toza ichimli suvi yetishmovchiligidan qiynaladi. G'azoning 2 million aholisi Isroil va Misr blokadasi ostida; deyarli barcha savdo va sayohat yo’llari yopilgan.
13 yillik blokada, uchta Isroil-XAMAS urushi hamda surunkali elektr uzilishlari G'azo infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazgan.
Elektr energiyasi taqchilligi tufayli oqava suvlari to’liq tozalanmaydi. Natijada har kuni 100 ming kubometr yaxshi tozalanmagan kanalizatsiya suvlari O'rta yer dengiziga borib quyilmoqda.
G'azodagi suv inqirozi
G'azo ichimlik suvining asosiy manbai sifatida yerosti zaxiralariga tayanadi. Ammo ko’p suv tortib olinishi natijasida bo’shab qolgan joylarga dengiz suvi kirib kelmoqda va bu hudud suvining 97 foizini iste’mol uchun yaroqsiz holatga keltirgan.
“AP” axborot agentligiga bergan intervyusida Mirilashvili G'azoga ko'proq suv generatorlarini yuborishni istayotganini aytadi.
"Chunki ular bizning qo'shnilarimizdir va suvning bunday tanqisligidan aziyat chekayotganlarini ko’rish juda achinarli", - deydi u.
Mirilashvili G'azodagi Al-Rantisi tibbiyot markazining tomiga bitta generator o’rnatdi. Ko’k rangdagi va kub shaklidagi moslama o’rnatilishidan bir kun o’tib kasalxonaning bolalar saratoni bo'limiga sovuq va toza suv ishlab chiqarishni boshladi.
G'azoda oilalarning aksariyati tuzsizlantirgan suvni kichik miqyosli xususiy stansiyalardan sotib oladi. Ammo mutaxassislar bu suv iste’mol uchun yaroqsiz ekanini aytadi. “UNICEF” hisob-kitobiga ko'ra, suvning uchdan ikki qismi yetkazib berish jarayonida ifloslanadi.
Shifoxonalar uchun "juda muhim"
G'azo kasalxonasida saraton kasalligiga qarshi davolanayotgan bolalar immunitetlari buzilganligi sababli toza oziq-ovqat va suvga muhtoj, deydi Falastin bolalari yordam jamg’armasi xodimi Nima Ashur.
Uning so'zlariga ko'ra, toza suv tanqisligi “Watergen” mashinasining kasalxonalar uchun ahamiyatini oshiradi.
Generator elektr toki yordamida ishlaydi. Energiya ta’minotidagi uzilishlar sababli mashina tez orada quyosh panellariga ulanishi rejalangan. Qishda qurilmani an'anaviy quvvat manbalariga ulash mumkin.
Qurilma xuddi quritgich kabi ishlaydi; havodan namlikni tortib olib, uni ichimlik suviga aylantiradi. G‘azo shifoxonasiga yuborilgan mashina o‘rta o‘lchamli model bo‘lib, kuniga 800 litr suv ishlab chiqarish quvvatiga ega. “Watergen” kompaniyasining aytishicha, uning eng yirik generatorlari minglab odamlarni toza ichimlik suvi bilan ta'minlashi mumkin. Kompaniya uy sharoitida foydalanish uchun qulay yangi modelni ham ishlab chiqqan.
“Watergen” texnologiyasi dastlab harbiy maqsadlar uchun 2009-yilda ishlab chiqilgan. Mirilashvili kompaniyani 2017-yilda sotib olganidan so'ng uni noharbiy yo’nalishlarda ishlata boshladi.
Harbiy byurokratiya
Milliarder tadbirkor G'azoga kirish uchun chegarani qattiq nazorat qiladigan Isroil harbiy byurokratiyasi bilan kurashishga majbur bo'ldi. Mirilashvilining aytishicha, birinchi vodorod mashinasini G'azoga yetkazish uchun ruxsat olishga bir yildan ko'proq vaqt ketdi.
Isroilning ta'kidlashicha, blokada XAMASning qurollanishiga yo'l qo'ymaslik uchun kerak va harbiy maqsadlarda ishlatilmasligini ta’minlash uchun barcha yuklar diqqat bilan tekshiriladi.
Kasalxona loyihasi uchun berilgan ruxsat ortidan Mirilashvili bir yil ichida hududning suvga bo’lgan ehtiyojini qondiradigan miqdordagi generatorlarni G’azoga olib kelishdan umidvor. Har bir generatorning narxi o'n minglab dollarga tushishi mumkin. Kasalxonaga yangi mashinani bepul sovg'a qilgan kompaniya G'azoga qo'shimcha qurilmalarni "salmoqli chegirma" bilan sotishga tayyorligini bildirdi.
Ushbu qurilmaning G'azoga kirishi Isroilning Falastin fuqarolik ishlari uchun mas'ul bo'lgan COGAT mudofaa organi tomonidan muvofiqlashtirilgan.
"G'azo sektoridagi gumanitar vaziyat yanada yomonlashmasligi uchun biz to’xtovsiz ishlashda davom etamiz", - dedi G'azo ishlari bo'yicha Isroil qo'mondoni polkovnik Iyad Sarxon.
Ulkan biznes imperiyasiga ega tadbirkor
Gruziyada tug'ilgan Mirilashvili kazinolar, mehmonxonalar, neft, ko'chmas mulk va Rossiyaning eng yirik ijtimoiy tarmog'ini o'z ichiga olgan ulkan biznes imperiyasini boshqaradi.
2000-yillarda u Rossiyada odam savdosi ayblovi bo'yicha sakkiz yil panjara ortida o'tirgan. Inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudi 2008-yilda uni adolatli sud qilinmagan deb topdi va Mirilashvili keyinroq qo'yib yuborildi. U hozir asosiy vaqtini Isroilda xayr-ehson ishlari bilan o’tkazadi.
“Watergen” kompaniyasi generatorlari Hindiston va O'zbekiston kabi suv infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan mamlakatlarda va qurg'oqchilikdan ko’p aziyat chekuvchi rivojlangan mamlakatlarda, masalan, AQShning Kaliforniya shtati kabi hududlarida ishlatiladi.
Mirilashvili qudduslik biznesmen, Falastinning "Vataniya" uyali aloqa kompaniyasi sobiq boshlig'i Fayz Huseyniy murojaatidan so’ng generatorni kasalxonaga ehson qilishga qaror qilgan. Huseyniy G'azoda suv va quyosh loyihalari bilan ishlovchi firmaga egalik qiladi.
XAMAS rasmiylari hamkorlikka qarshi bo’lmagan. Ularning aytishicha, gumanitar masalalarda isroilliklar bilan birga ishlash mumkin.