50 shtatning aksariyati qisman bo'lsa-da cheklovlarni bekor qilib, bizneslar qayta ochilar ekan, amerikaliklar orasida koronavirus qaytishi mumkin degan xavotir kuchli.
Izlanishlar shuni ko'rsatadiki, jamoatchilik bugun ikki oy oldingiga qaraganda ko'proq ogoh va ehtiyotkor. Odamlar uydan chiqa boshlar ekan, virusdan saqlanish uchun nima qilish zarurligini biladi.
"Associated Press" axborot agentligi va NORC tashkiloti olib borgan so'rovlar natijasiga ko'ra, amerikaliklarning aksariyati virus yana avj olishi ehtimolidan qo'rqadi. 54 foizi mamlakat hozir ochilsa, oqibati og'ir bo'ladi, degan fikrda.
Jerilin Morgan Jorjiya shtatida dehqonchilik qiladi.
Bizneslar ochilayotgani yaxshi, deydi u, savdo jonlanmoqda. Lekin sog'liqni saqlash birinchi o'ringa qo'yilishi kerak. Jorjiya shtati, bu fermer fikricha, ochilishga shoshdi.
"Daromadsiz qolamiz deb hayotimizni xavf ostiga qo'yayapmiz", - deydi Jerilin.
"Odamlar yana kasallana boshlaydi. Agar koronavirus yana avj olsa, bu safar iqtisodiyotimiz yanayam izdan chiqadi. Uni tiklash yanada qiyin bo'ladi".
So'rovda qatnashganlarning ko'pchiligi faqat o'ta zarur hollarda tashqariga chiqishni ma'qullagan va masofa saqlash zarur, deya undaydi.
Har 10 amerikalikdan sakkiz nafariga ko'ra, virusga yaqin yurganlar karantinda o'tirishi shart degan qoidani saqlab qolish kerak.
Har 10 amerikalikdan olti nafariga ko'ra, test topshirish - birlamchi masala. Odamlarning bir-biridan uzoq turishi va niqobda yurishi ham.
"Odamlar ochilish tarafdori, lekin qattq shartlar asosida. Jamoatchilik ularga bo'ysunishga tayyordek, chunki salomatligi hamma narsadan muhim", - deydi tadqiqotchi Jennifer Benz.
Luiziana shtatida restoranlar ochila boshlagan, biroq stollar bir-biridan kamida uch metr uzoqda.
"Niqob taqish shart va odamlar bir-biriga yaqinlasha olmaydi", - deydi restoran egalaridan biri.
Respondentlarning deyarli yarmi vaksina chiqmasdan to'liq qayta ochilishga qarshi. Boshqalar fikricha esa qoidalarga amal qilinsa, vaziyatni eplash mumkin.
Prezident Tramp boshliq respublikachilar tezroq ochilishni xohlaydi, demokratlar esa sekinroq.
Har ikki partiya tarafdorlari ularning siyosatchilari to'g'ri ish tutdi deb hisoblaydi.