AQShda namoyishlar paytida soxta xabarlar ko'paymoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh bo’ylab politsiya zo’ravonligiga qarshi namoyishlar kuchaygan bir paytda dezinformatsiya va soxta xabarlar ham ko’paymoqda. Ekspertlarga ko’ra, bu ishlardan maqsad jamiyatni yanada bo’lish.

Asli gruziyalik Maryam Gagoshashvili do’stlari bilan so’nggi voqealar haqida suhbatlashganda, mavzu, asosan, zo’ravonlik va o’g’rilik holatlari haqida bo’lganini aytadi. Namoyishlarning boshlanishiga turtki bergan fojia esdan chiqqandek.

Shu bois Gagoshashvili “Facebook”da yevrosiyolik muhojirlar uchun yopiq guruh ochdi. Maqsad ijtimoiy adolat va irqchilik masalalariga e’tibor qaratish.

“Biz mustamlaka, etnik tazyiq, politsiya zo’ravonligi va avtoritar hukumatni boshdan kechirgan hududdanmiz. Lekin boshqa tomondan irqiy diskriminatsiya va ayirmachilikka uchramaganmiz. Asrlar davomida qulchilik, o’lim va hech qachon jazolanmaydigan politsiya zo’ravonligiga yuz tutgan afro-amerikaliklar hayoti boshimizga tushmagan”, - deydi Nyu-Yorkda yashovchi Maryam Gagoshashvili.

Ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy va irqiy adolat mavzusi so’nggi paytlarda dezinformatsiya nishoniga aylanmoqda. Maqsad manipulyatsiya va soxta xabarlar orqali ziddiyatni kuchaytirish.

“Twitter”da tarqalgan “#DCblackout xeshtegi shunday misollardan biri. Bu xeshteg orqali poytaxt Vashingtonda politsiya zo’ravonligiga qarshi o’tkazilgan namoyishlar paytida telefon aloqasi uzib qo’yilgani haqida soxta xabarlar tarqatildi.

“Bu va Vashingtondagi namoyishlarga oid boshqa propaganda kampaniyalarida biz Amerika fuqarolarini bo’lishga qaratilgan xorijdan ta’sir o’tkazish elementlarini ko’rdik”, - deydi Brukings instituti tahlilchisi Aleks Engler.

“Vashington Post” nashrining yozishicha, “DC Blackout” kampaniyasi kam sonli obunachiga ega profilda boshlangan va soxta sahifalar tomonidan tarqatilishi ortidan mashhur bo’lib ketgan. Maqsad odamlarni chalg’itish, toki ular nima haqiqiy va nima soxta ekanini farqlay olmasin, deydi Klemson universiteti professori Petrik Uorren.

“Ular ijtimoiy jipslikni buzib, odamlarni haqiqatni aniqlash imkonsiz ekaniga, hatto bunga urinib ko’rmaslikka ishontirishga harakat qiladi. 2016-yilgi saylov paytida bo’lgan hujumlarni eslang. O’shanda siyosiy lagerning har ikki tomonida soxta profillar bo’lgan. Har ikkisi matbuotga hujum qilgan. Biri so’ldan, ikkinchisi o’ngdan”, - deydi professor.

Uorrenga ko’ra, dezinformatsiya, ayniqsa, koronavirus va vaksina mavzularida yanada xatarli.

“COVID-19ning yuqish darajasi qancha? Bilmayman. Odamlar buni bilmaydi. Chunki bu ko’p narsaga bog’liq. Bunday mavhumlik esa dezinformatsiyaning kuchayishiga olib keladi”, - deydi u.

Ekspertlar fikricha, ijtimoiy tarmoqlar soxta ma’lumotlarni aniqlash va o’chirishda ancha faollashgan, ammo katta ijtimoiy harakatlar davrida ularni aniqlash hanuz qiyin.

“Agar Vashingtonda namoyish qilayotgan bo’langiz, sizning allaqachon politsiya zo’ravonligidan qattiq g’azabda ekaningiz aniq. So’nggi voqealar ortidan hukumatni ko’proq tanqid qilishingiz tabiiy. Shunday holatda hukumat barcha kommunikatsiya aloqalarini uzib qo’ygani haqidagi xabarlarga ishonishingiz ehtimoli yuqori”, - deydi Aleks Engler.

Soxta xabarlarni aniqlash uchun, deydi ekspertlar, odamlar o’qiyotgan narsalarini tekshiruvdan o’tkazishi hamda vaziyatni ichki stereotiplardan voz kechgan holda tahlil qilishi lozim.