Din

Diniy erkinlik: 2019-yil Eronda qanday kechdi?

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Davlat kotibi Mayk Pompeo AQShning global miqyosda diniy erkinlikni himoya qilish yo’lidagi kurashini “ma’naviy burch” deya izohladi.

“Har kim o’zi istagan dinga ergashish, e’tiqodini o’zgartirish yoki ilohiyotga umuman ishonmaslik huquqiga ega. Bugun ana shu daxlsiz huquq himoyasi uchun har qachongidan ko’ra kuchliroq kurashishimiz lozim. Dunyoda har o’n kishidan sakkiz nafari diniy erkinlik huquqi toptalgan jamiyatlarda istiqomat qilmoqda”, - deydi Pompeo.

Ana shunday mamlakatlardan biri Eron. Davlat kotibi 2019-yilda e’tiqod erkinligi masalalari bo’yicha o’tgan anjumanda “o’z dini, yaqinlarining erkini himoya qilishga jazm etgan eronliklar qiynoqda” ekanini ta’kidlagan.

AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiyasi ma’lum qilishicha, Eronda aholining diniy erkinligini toptash hollari hanuz davom etmoqda. Komissiya hisobotida qayd etilishicha, “2019-yil Eronda diniy erkinlik borasida favqulodda ayanchli kechgan”.

Komissiya hujjatlarida keltirilishicha, Eron Islomning hukumat belgilagan shia mazhabiga yot bo’lgan barcha din vakillarini ta’qib qiladi, jarimaga tortadi yoki qamoqqa tashlaydi. Tehron hech qanday dalillarsiz bahaizm dini vakillarini ommaviy namoyishlar uchun ayblagan. Mistik qarashlarga ega so’fiylar ham bosim ostida. Xristianlar, xususan, Islom dinidan kechganlar e’tiqodi uchun ta’qib qilingan va qamoqqa olingan.

2019-yilning iyun oyida Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Tehronning noan’anaviy jinsiy orientatsiyaga ega qatlam vakillarini qatl etish qarori “ma’naviy nuqtai nazardan muhim” bo’lganini ta’kidlagan. Hukumat belgilagan majburiy o’ranishga qarshi tinch namoyishga chiqqan ayollar so’roq qilingan va hibsga olingan.

Muayyan dinga e’tiqod qilish yoki qilmaslik qarorining erkin va ixtiyoriy bo’lishi G’arb mafkurasi emas, aksincha “barcha jamiyatlarning tamal toshidir”, deya ta’kidladi Davlat kotibi.

Rasmiyning bildirishicha, AQSh dunyo mamlakatlarini, shuningdek, Eronni ham diniy erkinlikning fundamental ahamiyatini tan olish va bu uzviy huquqni poymol qilmaslikka undashda davom etadi.