Amerikaning hozirgi rahbari uchun "Twitter" asosiy ijtimoiy tarmoq. Shaxsiy fikrlarini dunyoga bayon qiladigan sahna. Matbuot xizmatidan ko'ra shu platforma uni omma va media bilan bog'laydi. Biroq ijtimoiy tarmoqlar Prezident Donald Trampning tvitlariga nafrat va yolg'on deya qaray boshlagan.
Prezident Tramp bunga qarshi chora ko'rmoqda. "Twitter"ni u senzurada ayblamoqda. So'z va fikr erkinligini cheklash noto'g'ri, deydi u.
“Twitter" buni bilib turib qilmoqda. Odamlarnig fikriga toqat qilmaslik, pinhona choralar ko'rish, tahrir qilish. "Twitter" neytral platforma bo'lmoqchi edi-ku jamoatchilik uchun. Bunga nima bo'ldi?"
"Twitter" yaqinda Trampning tvitlarini faktga asoslanmagan deya belgilay boshladi. Zo'ravonlikni yoqlaydi, deya ajrata boshladi.
Kiber erkinliklar bo'yicha ekspert Meri Ann Frenks deydiki, Oq uy bunga qarshi chora ko'rayotgani demokratiyaga zid.
"Ijtimoiy tarmoqlarning roli va ularning jamoat munozarasini qanday yo'lga qo'yayotgani xususida jiddiy gaplashish mumkin. Lekin Tramp qilayotgan ish biror jihatdan foydali emas. Aksincha, bosh qomusimiz kafolatlaydigan erkinliklarga zid ravishda harakat. Hukumat so'z va matbuot erkinligiga aralasha olmaydi. Qonunda bu aniq qayd etilgan".
Prezident chiqargan farmonga binoan, onlayn platforma foydalanuvchining izohini olib tashlamasligi uchun chora ko'rish lozim. Lekin mavjud qonunlarga ko'ra, haqorat, zo'ravon va nafratni aks ettirgan izohlar olinishi mumkin.
“Ijtimoiy tarmoqlarning egalari odamlarni senzura qilishiga yo'l qo'ymaymiz. Ular siyosiy fikrlarni baholamasligi kerak",- deydi Tramp.
Demokratiya va texnologiya markazi farmon yuzasidan sudga arz qildi. Markaz Oq uyni saylov yilida uydirma va to'qima tarqatishga urinayotganlikda ayblamoqda.
Fakt va haqiqat kerak, deydi Aleksandra Givens, markaz rahbari.
Givensning tushuntirishicha, ekstremist siyosiy g'oyalarni targ'ib qiluvchi guruhlar ko'proq cheklanmoqda, chunki ular odatda asossiz gaplar tarqatadi. Oq uy bu farmon bilan ularni himoya qilmoqda, deydi Givens. Maqsad xalqni aldashni osonlashtirish, deydi ekspert, ijtimoiy tarmoqlarni to'qimalarga qarshi chora ko'rish huquqidan ayirishmoqchi.
"Facebook" masalaga aralashmoqchi emas.
Tizim asoschisi va rahbari Mark Zukerberg deydiki, "Facebook" yoki biror boshqa tarmoq haqiqat ustidan hukm chiradigan kuch bo'lmasligi kerak.
Lekin "Facebook" Tramp tarafdorlarining natsizm belgisini aks ettirgan reklamalarini olib tashlagan, omma keskin qarshilik bildirgach.
“Zukerberg "biz hukm chiqarmaymiz" deb muhim mas'uliyatdan qochmoqda", - deydi Meri Ann Frenks.
Uningcha, murakkab damlarda omma muloqot qiladigan tarmoqlar ijtimoiy javobgarlikni his qilishi kerak.
Xo'sh, ijtimoiy tarmoqlar yuzasidan kim siyosiy vakolatga ega yoki ega bo'lishi kerak? Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklar bu borada bir fikrda emas.
Izlanishlarga boshchilik qilgan Jon Sends deydiki, xalq ijtimoiy media kompaniyalariga ishonmaydi. Platformalardan foydalansa-da, odamlar bu tizimlar haqida salbiy fikrda.
Mustaqil nazorat mexanizmi zarur, deydi Sends.
“Har 10 amerikalikdan sakkiz nafari mustaqil organ zarurligini aytadi. Demokratik qadriyatlarga asoslangan va ularni targ'ib qiluvchi, oshkora va serqirra tizim".
Ishonchsizlik keng tarqalgan zamonda ishonchli tizim yaratish vazifasi turibdi.