Afg’onistonda so’nggi 19 yilda ko’zga ko’ringan yutuqlardan biri sifatida tan olinayotgan so’z erkinligi cheklanishi haqida xavotirlar kuchaymoqda.
Hukumat ommaviy axborot vositalariga oid qonunni o’zgartirishga bel bog’lagan. 54 moddalik yangi tahrirdagi qonunda so’z erkinligiga zarba beruvchi omillar mavjudligi aytilmoqda.
Ommaviy axborot vositalarining faoliyat guvohnomalarini bekor qilishni osonlashtirish, axborot manbalarini sud hukmisiz fosh qilish, sabotaj masalasida hukumat aralashuvining kuchaytirilishi jurnalistlarni xavotirga solmoqda.
20 dan ortiq ommaviy axborot vositalari prezidentga xat yozib, o’zgartirishlarni bekor qilishni so’ragan.
“Toliblar bilan muzokaralar ostonasidamiz. Matbuotni ko’p hollarda cheklaydigan ushbu o’zgartirishlar bekor qilinishiga umid qilamiz. Ask holda biz Afg’onistonning katta yutuqlaridan birini boy bergan bo’lamiz”, - deydi Afg’on jurnalistlari xavfsizlik qo‘mitasi direktori Najib Sharifiy.
Mamlakat axborot va madaniyat vazirligi ommaviy axborot vositalari qonunida haligacha o’zgartirish kiritilmaganini, bu xususda matbuot vakillari bilan maslahat qilingan holda chora ko’rilishini bildirmoqda.
Jurnalist Muhammad Anvar O’zgin hukumat ommaviy axborot vositalari bilan uyg’unlikda ishlashi kerak degan fikrda.
“So’z erkinligi va xolis axborot yetkazish bo’ycha hukumat ommaviy axborot vositalari tomonida bo’lishi kerak. Agar bu qonun ma’qullansa, jurnalistlar va axborot vositalari turli muammolar bilan yuzlashadi”,- deydi Muhammad Anvar O’zgin.
Hukumat xavotirlarni o’rganib chiqish uchun texnik guruh tashkil qilinishi haqida xabar bergan. Jurnalist Muhammad Dovud Muborako’g’li bu o’zgarishlar Tolibon bilan muzokaralarga aloqador ekaniga ishora qiladi.
“Tolibon bilan bevosita muzokaralarda so’z erkinligi cheklanishi mumkin degan xavotirlar mavjud. Hukumat, albatta, bunga jiddiy e’tibor berishi kerak”,- deydi Muhammad Dovud Muborako’g’li.
Mustaqil ommaviy axborot vositalari himoyasi bilan mashg’ul “Nay” tashkilotining ijrochi raisi Mujib Xilvatgar “o’zgarishlar matbuot rivoji uchun qulaylik yaratish o’rniga, aksincha, to’sqinlik qiladi” deya tashvish bildiradi.
Chegarabilmas muxbirlar tashkiloti hisobotiga ko’ra, Afg’oniston 2020-yili so’z erkinligi bobida 122-o’ringa tushgan.