Afg'onistonda hukumat kuchlari va Tolibon o'rtasida yuz bergan yangi to'qnashuvlarda har ikki tomondan o'nlab odam halok bo’lgani xabar qilinmoqda.
Shu yil fevralda erishilgan kelishuv bo’yicha mahbuslarni almashish bilan bog'liq munozaralar haligacha to’la hal qilinmagan. Bu esa afg’onlararo tinchlik muzokaralarini boshlashga qaratilgan diplomatik harakatlarga to'sqinlik qilmoqda.
21-iyul kuni Afg'oniston Mudofaa vazirligi va politsiya xavfsizlik kuchlari janubdagi Qandahor va Zabul viloyatlarida Tolibonning yirik hujumlarini to’xtatib, 50 ga yaqin isyonchi o’ldirilgani haqida xabar qilindi.
O'z navbatida Tolibonning ta'kidlashicha, xudkush bombachi boshqaruvidagi portlovchi moddalar ortilgan kichik yuk mashinasi 20-iyul kuni kechqurun Vardak viloyatida afg'on milliy armiyasi karvoni yonida portlatilgan. Xurujda 50 ga yaqin askar o'ldirilgani va jarohatlangani da’vo qilinadi, ammo Tolibon tarqatgan raqamlar ishonchli emas.
Afg'oniston mudofaasi rasmiylari Sayid-Abad tumanidagi hujumda sakkiz askar o'ldirilganini va to'qqiz kishi yaralanganini tasdiqladi.
Tolibon Kobul hukumati bilan mahbus almashish doirasida yana 16 askar ozod qilinganini e'lon qildi. Shu bilan isyonchilar guruhi va'da qilingan 1000 kishidan 861 tasini ozod qildi.
Mahbuslarni almashish masalasi AQSh va Tolibon o'rtasida fevral oyida imzolangan kelishuvda ask etgan edi.
Afg'on rasmiylari o’z navbatida Tolibonning 5000 mahbusini ozod qilishi kerak. Hozirga qadar 4400 tolib ozodlikka chiqarilgan.
AQSh-Tolibon kelishuvining bir qismi bo'lmagan Afg'oniston hukumati 600 ga yaqin isyonchi mahbusni ozod qilishdan bosh tortmoqda. Mahbuslar almashinuvi yakunlangach, afg’onlararo tinchlik muloqoti mart oyida boshlanishi kerak edi.
Jurnalistlar bilan suhbatda Afg'oniston prezidentining matbuot kotibi Siddiq Siddiqiy hibsda qolganlar "jiddiy" jinoyatlarga, shu jumladan, begunoh afg'onlarning o'ldirilishiga aloqadorligi bois ozod qilinmasligini ta'kidladi. U, shuningdek, toliblar tomonidan jangovar harakatlarning kuchayib borayotganini AQSh-Tolibon kelishuvining buzilishi deb atadi.
Tolibonning yuqori martabali rahbari Muhammad Nabi Umariy qamoqda qolayotgan toliblarga oid ayblovlarni keskin rad etdi.
Tolibonga yaqin ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan video bayonotda Umariy Kobulni mahbuslar almashinuvi va taklif qilingan tinchlik muzokaralarini "ataylab" kechiktirish uchun "yolg'on bahonalar" ishlatishda ayblagan.
"Agar mahbuslarni ozod qilish masalasi hal qilinganida, bir necha oy oldin Afg'onistonda muzokaralar boshlangan va biz hozirgacha sulh bo’yicha kelishib olgan bo'lar edik", - dedi u.
AQShning Kobuldagi elchisi vazifasini bajaruvchi Ross Uilson 19-iyul kuni Afg'oniston hukumatini mahbuslar almashinuvini yakunlab, imkon qadar tezroq Tolibon bilan muzokaralarni boshlashga chaqirdi.