Qirg'iziston Bobomurod Abdullayevni O'zbekistonga topshirdi

Jurnalist Bobomurod Abdullayev

Qirg’iziston milliy xavfsizlik qo’mitasi tomonidan hibsda ushlab turilgan jurnalist Bobomurod Abdullayev 22-avgust kuni O’zbekistonga topshirilgan.

Qirg’iziston milliy xavfsizlik davlat qo’mitasi tomonidan tarqatilgan ma’lumotda aytilishicha, 22-avgust kuni Bobomurod Abdullayevni qabul qilib olgan O’zbekiston tomoni jurnalistni qiynoqqa solmaslik, shafqatsiz munosabat ko’rsatmaslik, lozim taqdirda tibbiy yordam ko’rsatish kafolatini bergan.

O’zbekiston tomoni hozircha Bobomurod Abdullayev mamlakatga olib kelinganini rasman tasdiqlaganicha yo’q.

Avvalroq Bosh prokuratura Bobomurod Abdullayev topshirilishini so’rab Qirg’iziston huquq-tartibot idoralariga murojaat yuborilganini bildirgan edi.

Jurnalist Bobomurod Abdullayev O’zbekiston tomoni so’roviga ko’ra 9-avgust kuni Bishkekda hibsga olingan edi. O’zbekistonda jurnalistga nisbatan jinoyat ishi ochilgan. Mirzo Ulug’bek tuman sudi tomonidan ochilgan bu jinoiy ishning tafsilotlari noma’lum.

Abdullayevga nisbatan O’zbekistonda sirtdan jinoyat ishi ochilgani haqida Bishkekda hibs qilingan jurnalistning o’zi ma’lum qilgan edi.

Bu jinoyat ishi haqidagi ma’lumot hozircha faqat Bobomurod Abdullayev ijtimoiy tarmoqlarda “Qora mergan” taxallusi ostida e’lon qilingan maqolalar muallifi sifatida gumon qilinayotganidan iborat.

Bishkekda hibs qilinishidan bir necha kun oldin Bobomurod Abdullayev ijtimoiy tarmoqlar orqali o’zining “Qora mergan” taxallusi ostida yozilayotgan maqolalarga aloqasi yo’qligini aytib chiqqan edi.

Bu bayonotdan bir necha kun o’tib u Bishkekda hibs qilindi, jurnalist ustidan o’tgan mahkama Bobomurod Abdullayevni 8-sentabrgacha qamoqda ushlab turish haqida qaror chiqargan edi.

Hibsda ushlab turilgan jurnalist oldiga advokatlari turli sabablar bilan kiritilmay kelingan. Ayrim xabarlarga ko’ra bu to’sqinlik mahkama qarori ustidan shikoyat kiritishning oldini olish uchun qilingan.

So’nggi vaziyat jurnalist hibs muddati yakunlanmasdan ancha avval O’zbekistonga topshirilganini ko’rsatmoqda.

Qirg’izistonning bu qarori AQSh hukumati va yana boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar tomonidan Bobomurod Abdullayevni zudlik bilan ozod qilishga doir qilingan chaqiriqlar inobatsiz qoldirilganini ham ko’rsatadi.

Bu bayonotlarda Qirg’iziston hukumati jurnalist Bobomurod Abdullayevni O’zbekistonga topshirmaslikka, uni zudlik bilan ozod etishga chaqirilgan edi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra, Abdullayevga nisbatan Toshkentda sirtdan qo’zg’atilgan jinoyat ishi doirasida O’zbekiston prezidentiga, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish kabi ayblovlar bor.

Jurnalist Bobomurod Abdullayev avval bu ayblovlarning ayrimlari, jumladan, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish moddasi bo’yicha sudga tortilgan, “Usmon Haqanazar” taxallusi ostida maqolalar yozishda aybdor deb topilgan, mahkama qarori bilan shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan edi.

Ayni paytda jurnalist “Qora mergan” taxallusi ostida e’lon qilinayotgan maqolalar muallifligida ayblanmoqda. Ammo uning hibs qilinishi ortidan ham ijtimoiy tarmoqlarda o’z faoliyatini davom ettirayotgan “Qora mergan” Bobomurod Abdullayevning uning maqolalariga aloqasi yo’qligini aytib chiqqan.

“Ozodlik” radiosi xabariga ko’ra, Bobomurod Abdullayev Toshkentga yetkazilgan, katta ehtimol bilan Davlat xavfsizlik xizmatiga qarashli hibsxonada saqlanmoqda.

Jurnalist videomuloqot orqali onasi bilan ko’rishgan. Jurnalist va uning onasi o’rtasidagi bu videomuloqotga ko’ra, Bobomurod Abdullayev qiynoqlardan shikoyat qilmagan.