Tixanovskaya BMT Xavfsizlik Kengashining norasmiy virtual majlisida so’zladi

  • Amerika Ovozi

Belarusda prezidentlik saylovida ishtirok etgan muxolif nomzod Svetlana Tixanovskaya

Belarus muxolifati lideri Svetlana Tixanovskaya 4-sentabr kuni BMTni prezident Aleksandr Lukashenkoning tinch namoyishchilarga qarshi repressiyasiga munosabat bildirishga chaqirdi. Tixanovskaya Belarus aholisi mamlakatda adolatsiz o’tgan prezidentlik saylovidan norozi ekaniga urg’u berdi.

Xavfsizlik Kengashining norasmiy virtual majlisida Litvadan turib qatnashgan Tixanovskaya BMTdan Belarusga xalqaro monitoring missiyasini safarbar qilishni so’radi. Tashkilotning Inson huquqlari bo’yicha komissiyasini Belarusda joriy vaziyat yuzasidan maxsus tadbir o’tkazishga chaqirdi.

Shuningdek, Tixanovskaya xalqaro hamjamiyatni saylovda qonunbuzarlikka yo’l qo’ygan mas’ul shaxslarga va “insoniyatga qarshi jinoyat” ortida turganlarga sanksiya qo’llashga chaqirdi.

“Biz, Belarus xalqi, BMTning ko’magidan umidvormiz. Inson huquqlari va sha’nining qo’pol tarzda toptalishidan arz qilmoqdamiz. BMTdan Belarus maxsus xizmatlarining namoyishchilarga haddan ziyod kuch ishlatayotganiga qarshi chora ko’rishni so’raymiz”, - dedi Tixanovskaya.

Muxolifat lideri Lukashenko repressiyalarni boshlagach, Litvaga ko’chishga majbur bo’lgan edi. Virtual tadbirda u Litva poytaxti Vilnyusdan turib ishtirok etgan.

Belarusni 26 yildan boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko 9-avgust kuni o’tgan prezidentlik saylovida navbatdagi g’alabasini nishonlagan. Biroq mamlakatda norozilik namoyishlari avj olgan. Lukashenko muxolifat va G’arb mamlakatlarining saylov natijalarining soxtalashtirilganiga doir ayblovlarini inkor etgan. 26 yillik rahbar hokimiyatni hech kimga bermasligini aytib, iste’fo berish niyati yo’qligini ta’kidlagan.

BMTning inson huquqlari bo’yicha ekspertlari joriy hafta mobaynida politsiyaning namoyishchilarga kuch ishlatgani, qiynoq qo’llagani va qo’pol munosabatda bo’lganiga doir yuzlab holatlar qayd etilganini tasdiqlagan.

“Biz BMTdan joylardagi joriy vaziyatni hujjatlashtirib borishga mas’ul xalqaro missiyani Belarusga safarbar qilishni talab qilamiz. BMTning maxsus vakiliga Belarus hududida erkin harakatlanish vakolati va imkoniyati berilishi kerak”, - dedi Tixanovskaya.

Muxolifatning nufuzli vakillari, shuningdek, o’z turmush o’rtog’i ham hibsga olingach, Tixanovskaya oppozitsiya nomidan prezidentlikka nomzodini qo’ygan yagona shaxs bo’lgan edi.