Oq uyga qayta saylanishga bel bog'lagan Donald Tramp va uning demokrat raqibi Jo Bayden orasidagi so'nggi debat qattiqroq shartlar ostida kechdi. Uni o'nlab million amerikalik tomosha qildi. Moderator boshidanoq nomzodlarni, agar bir-birini o'z vaqtida gapirtirmasa, mikrofon o'chirilishi haqida ogohlantirdi. Mikrofon o'chmadi. Debat Tennessi shtatining Neshvil shahridagi Belmont universitetida o'tdi.
Koronavirusga qarshi kurash
Prezident Tramp deydiki, u va uning ma'muriyati "Xitoydan chiqqan virusga qarshi" barcha zarur choralarni ko'rdi. Shu bois ham, deydi u, millionlab amerikaliklarning hayoti saqlab qolindi, kasallikka chalinganlarning aksariyati tuzaldi va tuzalmoqda. Global miqyosda keng tarqalgan virusga nisbatan Amerika qo'ldan kelgancha harakat qildi, deydi prezident. Tramp uning siyosati samara berganini da'vo qiladi.
Bayden nazarida esa AQSh pandemiyaga qarshi o'z vaqtida yetarlicha chora ko'rmadi, natijada yuzlab ming odam undan vafot etdi. Virus hamon yoyilishda davom etmoqda. Tibbiy muassasalar salohiyati va muolaja borasida Oq uy jadal harakat qilmadi. Saylansa, u test jarayonini takomillashtirmoqchi va koronavirusga qarshi yangicha reja asosida qadam tashlamoqchi.
Tramp va Bayden vaksina qachon chiqishi va nima uchun Tramp va'da qilganidek, hozirgacha chiqmagani yuzasidan ham bahslashdi.
Trampga ko'ra, Baydenning rejasi va takliflari allaqachon Oq uy tomonidan qo'llangan usullar va demokrat nomzod biror yangicha fikrga ega emas.
Bayden deydiki, Tramp amalda biror konkret chora tomon intilmadi. Pandemiyaga qarshi kurash, deydi demokrat, Oq uy uchun eng dolzarb vazifaga aylanmadi.
Tramp buni inkor etadi. O'zi ham virusga chalinib, tuzalganini eslatadi. Pandemiyaning har bir kuni Amerika uchun o'ziga xos saboq, deydi prezident.
Bayden esa odamlar har kuni jon bergani, virus millionlab oilalarni qaqshatgani, tirikchilik va hayot tubdan og'irlashganini eslatadi.
"Virusning kelgani mening aybim emas. Xitoy aybdor", - deydi Tramp.
"Kelayotgani haqida eshitganimizda, prezident bir pasda o'tib ketadi, deya tahdidni jiddiy olmadi", - deydi Bayden.
Tramp fikricha, Amerikani qayta ochish uning ravnaqi uchun xizmat qiladi. Bayden esa uni virus xavfini hech qachon vijdonan va ochiq e'tirof etmaganlikda ayblaydi.
Demokrat nomzod deydiki, Oq uy demokratlar bilan murosa qilishga harakat qilmadi, mamlakatni siyosiy birlashtirib, bir yoqadan bosh chiqargan holda samarali choralarni ishga solishga iroda topmadi.
Trampning javobi shuki, demokratlarga qolsa, ular mamlakatni yopib qo'ygan bo'lar edi. U maktablarni, universitetlarni va bizneslarni ochish tarafdori.
Baydenga ko'ra esa qayta ochilish uchun sharoitni moslash kerak va odamlarning salomatligini ta'minlash yo'lida zarur zamin yaratilishi lozim.
Tramp buning qanchalik qimmatga tushishini eslatadi. Virusdan qo'rqib yashash virusning o'zidan ham xavfliroqdir, deydi u.
Bayden esa avvalo niqob taqish zarur, deydi. Oq uy odamlar manfaatini o'ylab siyosat yuritsa, xalq buni tushunadi va ehtiyotkorlik ham shunga yarasha bo'ladi. Amerika xalqi vahimachi emas, deydi demokrat, odamlar ishonchli ma'lumotlarga qarab yashashni istaydi.
Saylov tizimi xavfsizligi
Bayden deydiki, Amerikada ovoz berish jarayoniga tashqaridan aralashgan har qanday tomon jazolanishi kerak. Saylov sistemasiga tahdid suverenitetga tahdiddir, deydi nomzod. U Trampni bunday qora ishlarda gumon qilingan Rossiyaga nisbatan yumshoqlikda ayblaydi.
"Ular mening kimligimni, men ularning kimligini bilaman. Bizning saylov tizimimizni buzishga urinayotganlar mening saylanishimni xohlamaydi", - deydi Bayden.
Tramp esa Baydenni Rossiya siyosiy elitasi bilan apoq-chapoqlikda ayblaydi. "Men Rossiyadan bir tiyin ham olmaganman", - deydi Tramp, "lekin Bayden olgan". Vitse-prezidentlik paytida, deydi u, Bayden ularga yaqin bo'lgan.
Prezident Rossiyaga nisbatan keskin siyosat yuritganini da'vo qiladi. "Men singari biror prezident ular bilan qattiq munosabatda bo'lmagan".
"Men hech qachon hech bir xorijiy davlatdan bir tiyin ham olmaganman... Mening moliyaviy tarixim ochiq va har yili bayon etib kelaman, prezidentga o'xshab yashirganim yo'q. Uning bizneslari xorijiy davlatlar bilan moliyaviy aloqa qilib keladi", - deydi Bayden.
Tramp esa ayni damda audit ostida ekani uchun hujjatlari chiqarilmayotganini aytadi. "Millionlab dollar soliq to'laganman", - deydi u, bu boradagi tanqidga javoban. Prezident audit qachon bitishini bilmaydi va federal soliq boshqarmasini uning ishini ataylab murakkablashtirganlikda ayblaydi.
"To'rt yildan beri bu borada gapirib kelasiz, ammo haliyam oshkor etilmadi. Qani bu hujjatlar, kimni aldayapsiz?" - deya so'raydi Bayden.
"Menga nisbatan qora ishlar tizimda men hali prezidentga aylanmasimdan oldin boshlangan. Maxsus tergov ham qilishdi va biror egri ishni topa olishmadi", - deydi Tramp o'tgan yillarda olib borilgan tekshiruvlarga ishora qilib.
"Men vitse-prezident sifatida qanchalik halol va shaffof ishlaganim, mening o'g'lim, siz da'vo qilgandek, Ukrainada pul topmaganini tekshiruvlar isbotlagan", - deydi Bayden Trampning ayblovlariga nisbatan javob berar ekan.
Trampning chet eldagi bank hisobotlari haqida so'ralganida, prezident deydiki, tadbirkor sifatida u dunyo bo'ylab faoliyat yuritgan.
Xitoyga nisbatan siyosat
Xitoy xalqaro qonun-qoidalar asosida ish yuritishi kerak, deydi Bayden. Uningcha, Oq uy Pekindan adolatli va qonuniy raqobatda bo'lishni talab qilishi kerak, aks holda iqtisodiy choralar ko'rib, jazolash joiz.
Tramp esa u allaqachon bu ishni qilayotganini aytadi. AQSh Xitoyga nisbatan misli ko'rilmagan darajada qattiq turgani uchun Amerika xazinasiga ko'proq mablag' kelmoqda, buning natijasida fermerlarga yordam berilmoqda, deydi prezident.
Shimoliy Koreyaga nisbatan siyosat
Tramp deydiki, u prezidentlikni Barak Obamadan olayotgan paytda asosiy tahdid Shimoliy Koreyadan kelayotgan bo'lgan va uning yutuqlaridan biri bu davlat bilan urushning oldini olganidir. Yadroviy salohiyatga ega tuzum rahbari bilan ijobiy aloqada ekanini ham Tramp progress sifatida ta'riflaydi.
Lekin, deya bahslashadi Bayden, bu davr mobaynida Shimoliy Koreya o'z qurollarini ko'paytirdi, sinovlar o'tkazdi va "Amerika bilan til topishdik, deya yanayam o'zidan keta boshladi." Demokrat nomzod, saylansa, Pxenyanga nisbatan keskin siyosat yuritmoqchi.
Tibbiy sug'urta
Tramp taxminicha, saylovda respublikachilar Vakillar palatasida ham aksariyat o'rinlarni egallaydi va Oq uy, agar u qayta saylansa, tibbiy sug'urta tizimi islohotini yanayam kengaytiradi.
Bayden ham islohotlar tarafdori. Biroq, uningcha, dori-darmon va muolaja bahosini pasaytirish kerak, bu sohada xizmat ko'rsatuvchilar orasidagi raqobatni kengaytirish lozim. Yordamga muhtoj amerikaliklarga madad oshishi lozim, deydi Bayden, respublikachi prezident bu yo'ldan bormadi.
Pandemiya sabab millionlab amerikaliklar tibbiy sug'urtadan ayrildi, chunki ishini yo'qotdi. Hukumat qarab turmasligi kerak, deydi u, ko'maklashishi shart.
Biroq respublikachilar Baydenni sotsialistik takliflar berayotganlikda ayblaydi.
"Gap insonlar hayotini asrash ustida ketmoqda. Sug'urtasiz odamlar doimiy qo'rquv ostida yashaydi", - deydi demokrat.
"Nega shu ishni 30-40 yildan beri qilmadingiz?" deya so'raydi Tramp, Baydenning uzoq yillik siyosiy faoliyatiga ishora qilib.
"Odamlar tibbiy yordam ola bilishi, kasallansa, zarur xizmatlardan foydalana olishi kerak. Eng muhimi shu, sug'urta borasida xalqqa yordam berishimiz kerak", - deydi Bayden.
Ishsizlikka qarshi kurash
Hozirgacha xalqqa yordam berish uchun uch dastur ishga solindi, deydi Tramp. Kongressda to'rtinchisi ustida kelishuv yo'q.
Tramp bunda demokratlarni ayblaydi. Bayden esa Tramp ishini eplolmadi, Kongressdagi respublikachilar singari, deydi.
Amerika bo'ylab millionlab amerikaliklar ishsiz qolmoqda va bunda asosiy aybdor Tramp, deydi Bayden.
Prezident esa shu paytgacha barcha sektorlarga yordam berilganini eslatadi, shtatma-shtat, biznesma-biznes, jabhama-jabha.
Tramp minimal maoshni soatiga 15 dollarga chiqarishni istaydi, agar bizneslar bunga qodir bo'lsa. Bayden esa bundan past maosh bilan yashash qashshoqlikdan ham past holat, deydi. Uningcha, bu borada dadil harakat qilish kerak.
Immigratsion siyosat
Tramp Amerikaga noqonuniy kelganlarga nisbatan beshafqat siyosat yuritmayotganini da'vo qiladi. Ular xavfli yo'llar bilan kirib kelgan, ularga mamlakatda joy yo'q, biroq hukumat bu insonlarga muruvvatli yondashmoqda, deydi prezident.
Bayden deydiki, prezident haqiqatni tan olmayapti. Kelgindilar deya ular kamsitilgan, bu odamlarga noinsoniy munosabatda bo'lishgan, deydi nomzod.
Bayden, prezidentlikka saylansa, 11 milliondan oshiq hujjatsiz immigrantni qonuniylashtirish uchun Kongressga taklif bermoqchi. Hujjatsiz muhojirlarning AQShda tug'ilib, katta bo'lgan farzandlarining maqomi ham qonuniylashishi zarur, deydi Bayden. Prezident bo'lsa, u hozirgi immigratsion tartibni yangilamoqchi.
"U immigratsiya va bu boradagi qonunlarni tushunmaydi", - deydi Tramp, Baydenga ishora qilib.
Prezident azaldan aytib keladiki, Amerika immigratsiya tizimi layoqatli va mamlakat uchun zarur muhojirlarni qabul qilishda davom etishi kerak, ammo keskin tekshiruv asosida.
Irq va ijtimoiy tafovutlar
Bayden Amerikada irqchilik tub muammolardan biri deb hisoblaydi. Qora tanlilarning hayoti boshqalarnikiga qaraganda og'irroq, deydi u. Amaldagi prezident davrida davlat tenglikni ta'minlash tomon juda sust harakat qildi. Bayden afro-amerikaliklar dardini tushunishini, ularga hamdard ekanini aytadi.
Tramp esa Baydenni safsatada ayblaydi. Vashingtonda shuncha payt siyosatchilik qilgan paytida uning o'zi tenglik va adolat uchun salmoqli ishlar qilmagan, deydi Tramp. Respublikachi rahbar uning davrida afro-amerikaliklar hayoti yaxshilandi, deb hisoblaydi.
Nomzodlar bir-birini jinoyatchilikka qarshi noto'g'ri siyosatda tanqid qiladi.
Sobiq prezident Barak Obama amerikaliklarni Jo Baydenga ovoz berishga undamoqda, Prezident Tramp esa hozirgi muammolar Obama davridan qolgan, deydi.
"Men ular ishni eplay olmagani uchun prezident bo'lishga qaror qildim", -deydi Tramp.
Prezident Tramp irqchimi?
"Men irqchilikdan eng yiroq prezidentman va shaxsman", - deydi Tramp.
Bayden esa uni har jihatdan irqchilikda ayblaydi, xususan immigrantlar va musulmonlarga nisbatan.
"Avraam Linkolndan beri hech bir prezident qora tanlilar uchun menchalik qayg'urmagan", - deydi prezident.
Bayden fikricha esa bu asossiz qiyos. Prezidentlikka saylansa, u Amerikani irqiy tenglik tomon yetaklashga so'z bermoqda.
Tramp esa uni va'dabozlikda ayblaydi. Quruq gap, deydi u, vitse-prezidentlik paytida Bayden bu borada hech vaqo qilmagan. Bayden esa ulkan ishlar qilinganini aytadi.
Global iqlim
Tramp toza ekologiya, toza suv va zaharli gazlarga qarshi kurash tarafdori ekanini aytadi. Lekin, deydi u, uning prezidentligigacha AQSh bu borada egri yo'ldan borgan, xususan imzolangan xalqaro bitimlar Amerika manfaatlari uchun xizmat qilmagan.
Bayden deydiki, global iqlimdagi salbiy o'zgarishlar bag'oyat real. Vaqtni boy bermay, tezlikda chora ko'rish, muqobil energiya sanoatini kengaytirish, yashil iqtisodni rivojlantirish, ekologik ogohlikni oshirish zarur, deydi demokrat. U shu maqsadda kuchli rejaga ega ekani, 18 milliondan oshiq ish o'rni yaratilishini aytadi.
Tramp esa Bayden va uning demokrat safdoshlarini ekologiya va iqtisodni tushunmaganlikda ayblaydi. Baydenning dasturi trillionlab dollarga tushadi va xalq hayotini yaxshilamaydi, deydi Tramp. Demokrat nomzod esa uning rejasi yetuk mutaxassislar va bizneslar tomonidan quvvatlanganini eslatadi.
Buni ham ko'ring Tramp va Bayden orasidagi birinchi debat qanday kechdi?
"Biz energetik jihatdan mustaqilmiz", - deya qayd etadi Tramp. Uningcha, Amerika xorij energiyasiga va hatto muqobil manbalarga ham muhtoj emas.
Prezident demokratlarni an'anaviy energetik manbalarni qadrlamayotganlikda ayblaydi. Bayden buni inkor etadi. Neft sanoatidan ekologiyaga zarar juda yuqori, deydi demokrat. Bu sohalarga imtiyozlarni qayta ko'rib chiqish kerak, deydi u.
Kelajak
Trampga ko'ra, eng muhim vazifa - pandemiyadan keyin tiklanish. Hozirgacha 11 milliondan oshiq ish o'rni yaratildi. Iqtisodiy rivojlanish, bizneslarni qayta oyoqqa turg'azish birlamchi masalalar, deydi prezident.
Bayden esa Amerika xalqining davlatga va o'ziga ishonchini tiklash uning uchun eng muhim vazifa ekanini aytadi. Prezidentlikka saylansa, u birinchi kundanoq shunga e'tibor bermoqchi.
Buni ham ko'ring Pens-Harris: Vitse-prezidentlik uchun debat